O‘zA O`zbek

28.08.2018 20:23 Chop etish versiyasi

Xotira – abadiy, qadr – muqaddas

Xotira – abadiy, qadr – muqaddas Qarshi davlat universiteti tuzilmasida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil etildi.

El-yurtimiz ozodligi, erkinligi va mustaqilligi uchun olib borilgan koʻp yillik mashaqqatli kurashlarni haqqoniy va toʻlaqonli aks ettirish, mustabid tuzum davridagi ommaviy qatagʻonlar tufayli qurbon boʻlgan, insoniylik shaʻni, qadr-qimmati toptalgan vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat tuygʻularini kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan muzeyda vatandoshlarimiz toʻgʻrisidagi maʻlumotlar, suratlar, buyumlar jamlangan boʻlib, ular tarixning yurakni larzaga keltiruvchi qora kunlarini yodga soladi.

– Muzey Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy taʻlim muassasalari tuzilmasida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi, – deydi muzey direktori Dilnavoz Rahmatova. – Bu muzey yosh avlodning tarixni, bugungi tinch-osuda kunlarga osonlikcha yetib kelmaganimizni anglab yetishiga xizmat qiladi. Ilmiy izlanishlarim davomida amin boʻldimki, qatagʻon qilinganlar arzimagan sabablar bilan qurbon qilingan, oila aʻzolari qiynoqqa solingan, hatto butun oila aʻzosi bilan surgun qilib yuborilgan. Masalan, viloyatimizda Togʻay baxshi ismli kishi “Mekkam chol” va “Alpomish” dostonlarini aytgani uchun 12 yilga oila aʻzolari bilan Sibirga surgun qilingan. Oʻsha sovuq oʻlkalarda 7 farzandining 4 nafaridan ayrilgan. Begunoh norasidalarda nima ayb?... Bunday misollarni koʻplab sanash mumkin. Hozirda muzeyimizda ana shu yoʻlda qurbon boʻlgan 200 nafarga yaqin yurtdoshimiz haqida maʻlumotlar, suratlar mavjud. Kelajakda bu yoʻnalishdagi harakatlar keng miqyosda davom ettiriladi.

Oʻlmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) OʻzA
1 959