Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2018 18:01 Chop etish versiyasi

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida hamkorlik

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2-fevralidagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi mamlakatimiz xotin-qizlarining jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur farmonga muvofiq, joylarda xotin-qizlarga har jihatdan ko‘mak berish maqsadida ularning ijtimoiy va oilaviy ahvoli o‘rganilmoqda. Masalan, o‘tgan yil nogironligi bo‘lgan ayollardan 1207 nafari uy bilan ta’minlangan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida 107 nafar shunday ayol uyli bo‘ldi. 879 nafari esa kasanachilik asosida ish bilan ta’minlandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida bo‘lib o‘tgan videoselektor tarzidagi davra suhbati ushbu hujjat mazmun-mohiyati, oila institutini mustahkamlash hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda ta’lim muassasalari va ijtimoiy institutlar hamkorligi masalalariga bag‘ishlandi.

Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, mas’ullar va oliy ta’lim muassasalari xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotlarining rahbarlari, ilmiy muassasalar vakillari ishtirok etgan tadbirdan asosiy maqsad xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligini oshirish, ularning turli sohalarda imkoniyatlarini namoyon etishi uchun shart-sharoit yaratish, huquqiy manfaatlarini himoya qilish, onalik va bolalik muhofazasi kabi qator masalalarda ta’lim muassasalari va ijtimoiy institutlar hamkorligini yo‘lga qo‘yishdir.

– Farmonda belgilangan har bir ustuvor vazifalar zamirida xotin-qizlarimizning baxtli va saodatli yashashi yo‘lidagi ezgu niyatlar mujassamdir, – dedi Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i D.Qo‘ziyeva. – Unga ko‘ra, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Tadbirkor ayol” uyushmasining Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Bu esa xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatishga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, endi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlardan ikki nafar talabgorlarga berilishi belgilangani ham jamiyat hayotidagi o‘zgarish va ehtiyojlarga monand bo‘ldi.

– Davra suhbatida hududiy xotin-qizlar qo‘mitalari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar va “Qizlarjon” klubi faoliyatini ommalashtirish bo‘yicha fikr-mulohazalarimni bildirdim, – dedi Andijon davlat universitetining xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti raisi U.Ahmedova. – Ayollarimiz baxtu iqboli sog‘lom avlodni tarbiyalashga mustahkam zamin bo‘ladi. Davlatimiz tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tiborning asl ma’nosi ham shunda. Shundan kelib chiqib aytganda, Prezidentimiz farmonida boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish va bu boradagi sa’y-harakatlar mohiyati xotin-qizlarimiz or-nomusli, oqila, tashabbuskor va faol bo‘lishi hamda ularning ijtimoiy jabhalarda o‘z mavqeiga egallashiga qaratilgan. Bugungi vedeoselektor tarzidagi suhbatda xotin-qizlarimiz yutuqlari, muammolari va ularning yechimlari haqida fikrlashdik. O‘ylaymanki, bu boradagi hamkorlik yaxshi samara berib, mavjud muammolar bartaraf etiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 031