Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.02.2018 16:28 Chop etish versiyasi

Xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasi sanalgan hujjat

Prezidentimizning joriy yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini o‘qir ekanman, xotin-qizlar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq mavjud hayotiy muammolar shu qadar aniq-tiniq ko‘rsatib o‘tilgani, ularni bartaraf etish yuzasidan zarur amaliy takliflar belgilanganidan, ochig‘i, g‘oyat xursand bo‘ldim. Zero, ushbu hujjat mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.

Andijon viloyatida ko‘p yillar mazkur sohada faoliyat yuritgan rahbar sifatida ayta olamanki, qarorda uzoq yillardan buyon tizimda mavjud bo‘lgan, soha xodimlarining erkin ish olib borishiga to‘sqinlik qilayotgan, ularning qo‘lini bog‘lab qo‘ygan va og‘riqli nuqtaga aylangan juda ko‘p muammolar o‘z yechimini topgan. Xususan, qo‘mita vakolatlari, iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilgani xotin-qizlar qo‘mitalarining mavjud muammolarni bartaraf etish, ish samaradorligini oshirish va kutilgan natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farmonga ko‘ra, 2018-yil 1-apreldan fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi o‘rniga har bir fuqarolar yig‘inida 1 tadan, oilalar soni 2000 va undan ortiq bo‘lgan fuqarolar yig‘inlarida esa 2 tadan xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilishi mahallalarda opa-singillarimiz bilan bevosita ish olib borish, joylarda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarni o‘z vaqtida aniqlash, ular bilan yakka tartibda tizimli hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ish olib borish, manzilli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar ko‘lami va samaradorligini yanada oshiradi.

Muxtasar aytganda, mazkur farmonni muhim tarixiy hujjat, deyish mumkin. Chunki ushbu hujjat mazmun-mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra, xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyatini samarali tashkil etish, umuman, xotin-qizlar bilan olib borilayotgan ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, opa-singillarimizning turmush farovonligini yuksaltirish, baxtli va hayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Manzuraxon Egamova,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi,
mehnat faxriysi.

O‘zA
3 234