O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 18:23 Chop etish versiyasi

Xotin-qizlarga hunarmandlik yoʻnalishida bepul kurslar oʻtilmoqda

Xotin-qizlarga hunarmandlik yoʻnalishida bepul kurslar oʻtilmoqda Ayni vaqtda yurtimizda 25 mingga yaqin hunarmand boʻlib, ularning qariyb besh ming nafariga 141 milliard soʻmlik kredit berildi. Ayni vaqtda kreditlarni moliya muassasalari orqali rasmiylashtirilishi davom etmoqda.

Bugun oʻtkazilgan matbuot anjumanida “Hunarmand” uyushmasi huzurida, hunarmandlik mahsulotlarini uzoq tuman (shaharlar)dan xarid qilish va yirik shaharlarda sotish hamda eksport qilish uchun savdo-xarid masalalari bilan shugʻullanuvchi “Sraft and art” jamiyati tashkil etilgani maʼlum qilindi.

Mazkur korxona yurtimizning turistik obyektlari, diqqatga sazovor joylari, hududlardagi hunarmandlik markazlarida hamda bir qator bozorlarda “Art salon”lar yaʼni amaliy va tasviriy sanʼat asarlarining savdo-xarid ishlari bilan shugʻullanuvchi doʻkonlar tashkil qiladi. Bundan tashqari korxona chet el vakolatxonalari, galereyalar va turistik firmalar bilan hamkorlikda ish olib borish, chet ellarda oʻz filiallarini ochish huquqiga ham ega.

– Uyushmamiz xotin-qizlar oʻrtasida hunarmandlikni rivojlantirish, hunarmandlikka oid bilim va koʻnikmalarini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlashga koʻmaklashmoqda, – deydi “Hunarmand” uyushmasi rais oʻrinbosari Akobir Hakimov. – Shu maqsadda Toshkent viloyatining hunarmandlik kam rivojlangan Oqqoʻrgʻon va Quyi Chirchiq, Toshkent shahrining Chilonzor, Surxondaryo viloyatining Boysun tumani va Termiz shahrida, Qashqadaryo viloyatining Qamashi, Namangan viloyatining Norin va Uychi, Samarqand viloyatining Qoʻshrabot va Nurobod tumanlarida kashtachilik, qoʻlda gilam toʻqish, oddiy metalldan milliy uslubdagi taqinchoqlar tayyorlash, oʻyinchoqlar, esdalik buyumlari yoʻnalishlari boʻyicha 2 oylik bepul oʻquv kurslari tashkil etildi. Oqqoʻrgʻon va Quyi Chirchiq tumanida ana shu kurslarni bitirgan 100 ga yaqin xotin-qizga hunar oʻrgatilib, bandligi taʼminlandi.

Hozirda mazkur viloyatlar va Toshkent shahrida 12 ta kurs faoliyat yuritmoqda.

Farhod Abdurasulov (surat) OʻzA