O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Xotin-qizlarga eʼtibor jamiyat ravnaqiga xizmat qiladi

Xotin-qizlarga eʼtibor jamiyat ravnaqiga xizmat qiladi

Profilaktika inspektorlari tomonidan aholi muammolarini tizimli oʻrganish, ularni bartaraf etish maqsadida 10,4 milliondan ortiq xonadonlar oʻrganib chiqildi. Uyma-uy yurib oʻrganishlar natijasida, 25 mingdan ortiq oilaning notinchligiga barham berildi. 10 mingdan ortiq yosh oilalarning ajrashib ketishi oldi olindi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida aytib oʻtildi.

Tadbirda huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari haqida maʼlumot berildi.

Joylarda faoliyat koʻrsatayotgan profilaktika inspektorlarining soni 5 ming 867 dan 7 ming 291 ga yetkazildi. Xizmat samaradorligini oshirish maqsadida mavjud 3 ming 819 tayanch punkti isloh qilinib, ularning soni 4 ming 849 taga yetkazildi. Ayniqsa, tayanch punktlarining mahalla fuqarolar yigʻini bilan bir binoda tashkil etilishi asosida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurash boʻyicha mahalla bilan hamkorlik yanada mustahkamlandi.

Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli taʼminlash, onalik va bolalikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida respublika, viloyat va tuman ichki ishlar organlari tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari boʻyicha 360 inspektor shtati joriy qilindi.

Hamkorlikdagi tadbirlar natijasida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida respublikada 5 ming 624 xotin-qizning ishga joylashishiga amaliy koʻmak berildi, 4 ming 807 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam koʻrsatildi, 1 ming 500 nafariga tibbiy yordamlar ajratildi, 1 ming 688 nafariga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qayta tiklashda yordam koʻrsatildi, 2 ming 944 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashildi, 1 ming 106 nafari taʼlim muassasalariga joylashtirildi.

Buning natijasida xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 32,8 foizga kamaydi. Shuningdek, jamoatchilik vakillari bilan yaqin hamkorlik va muloqotlar oʻrnatilgani bois joriy yilning 10 oyida jinoyatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 23,6 foizga kamayishga erishildi.


581
Muhayyo TOSHQORAYEVA, OʻzA