O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

Xotin-qizlar qoʻmitasining kafolat xati bilan 10 nafar ayol ozodlikka chiqdi

Xotin-qizlar qoʻmitasining kafolat xati bilan 10 nafar ayol ozodlikka chiqdi

2018-yil 20-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida imzolangan Memorandumi asosida jazoni oʻtash muassasalaridan ayollar ozod etilmoqda va jazo muddatlari qisqartirilmoqda. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning oʻtgan olti oyida jazoni oʻtash muassasalarida jazo oʻtayotgan 227 nafar ayolning jazosi yengilrogʻi bilan almashtirildi. 51 nafar ayol jazoni oʻtashdan shartli ozod qilindi, 131 nafar ayolga Xotin-qizlar qoʻmitasi kafilligi asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida jazoni oʻtash muassasasida jazo oʻtayotgan 11 nafar ayolning nazorat tartibida bergan shikoyat arizasi koʻrib chiqildi.

Oliy sud raisining oʻrinbosari X.Yodgorov raisligida oʻtgan ochiq sud majlislarida har bir ayolning nazorat tartibida bergan arizasi qonun doirasida batafsil koʻrib chiqilgan. Mahkuma ayollarning jazoning asosiy qismini oʻtagani, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligi, jazoni oʻtash jarayonida oʻzini ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani eʼtiborga olingan.

Sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini oʻtagani, qilmishiga iqror va pushaymon boʻlgani, yoshi hamda Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasining kafolati xati inobatga olinib, 10 nafar ayol jazodan muddatidan oldin ozod qilinib oilasi bagʻriga qaytdi.

Bir nafar mahkuma ayolning jazo muddati qisqartirilgan.

1 002
OʻzA