O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish uchun qonunlarning oʻzi yetarlimi?

Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish uchun qonunlarning oʻzi yetarlimi?

Bu sizga notanish emas: yon-atrofingizda qaysidir ayol haq yoki nohaq tahqirlanayapti, yana qay biridir tazyiqqa, zoʻravonlikka duch kelmoqda. Natijada shaʼn, qadr-qimmat toptalayapti, huquqlar poymol etilayapti. Ehtimol, hayotimizda, jamiyatimizda bu holatlar koʻp emasdir, ammo kuzatilayotgani bor gap. Bunday vaziyatlardan xotin-qizlarni himoya qilish uchun qonunlarning oʻzi yetarlimi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi hamda Oila va ayollar masalalari boʻyicha komissiya tomonidan “Ayollar huquqini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlashda parlament nazoratini oʻrnatish masalalari” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatida shu haqda soʻz bordi.

Taʼkidlanganidek, shu oyning oʻzida mamlakatimiz, ayniqsa, opa-singillarimiz hayotida katta ahamiyatga ega boʻlgan ikkita muhim hujjat – “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Bu bilan ayollarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarining huquqiy himoyasi kuchaytirildi, qonuniy kafolatlari mustahkamlandi. Ammo oldimizda eng asosiy vazifa turibdi. U ham boʻlsa, mazkur qonunlarning ustuvorligini taʼminlash. Bunda parlament va jamoatchilik nazorati nihoyatda muhim.

Tadbirda ushbu yoʻnalishda taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishda eʼtibor qaratish zarur boʻlgan masalalarga alohida urgʻu berildi.

– Hozirgi vaqtda ayollarga nisbatan zoʻravonlik faqat erkaklar tomonidan sodir etilmayapti, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oila va ayollar masalalari boʻyicha komissiya raisi Dilorom Fayziyeva. – Bunday xunuk holatlar opa-singil, qaynona-kelin munosabatlarida ham uchrayapti va bu juda achinarli. Bunday vaziyatga qarshi qanday chora koʻrish kerak? Zoʻravonlik yoki tazyiqdan jabrlangan xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiya markazlariga yoʻnaltirishda qanday muammolar bor? Shu kabi masalalarning qonuniy yechimlarini takomillashtirishimiz zarur.

Ichki ishlar vazirligining Xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlim boshligʻi, polkovnik Umida Abdullayevaning taʼkidlashicha, ayni paytda ayollar asosan maishiy sabablarga koʻra zoʻravonlik va tazyiqqa duch kelayapti. Ularga tibbiy yordam koʻrsatish, ijtimoiy himoya qilish, ish bilan taʼminlash boʻyicha ishlar samarali yoʻlga qoʻyilgan. Ammo bunday jabrdiydalarga ruhiy dalda, maʼnaviy koʻmak ham nihoyatda zarur. Shu bois ular bilan professional psixologlar ishlashini kuchaytirish lozim.

– Oʻrganishlarimizga koʻra, endigina turmushga chiqqan yoki yosh bolali opa-singillarimizning aksariyati garchi oliy maʼlumotli boʻlsa ham ishga joylasha olmayapti, – dedi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashining Yosh oilalar bilan ishlash boʻlimi mudiri Gulchehra Ashurova. – Negaki, ish beruvchi bunday oilaviy sharoitdagi kadrni ishga olishni istamayapti. Yoki ishlovchi ayol xodimlarning ham mehnat huquqlari poymol etilishi holatlari kuzatilayapti. Biz ana shunday muammolar, kamchiliklarni bartaraf etish uchun parlament koʻmagiga muhtojmiz.

Davra suhbatida oilaviy nizolarni bartaraf etishda mahallalardagi yarashtiruv komissiyalari duch kelayotgan toʻsiqlarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilishicha, koʻp holatlarda yarashtiruv komissiyalarining oilaviy kelishmovchiliklarni hal etishga koʻmaklashishiga ayrim fuqarolar eʼtiroz bildirayapti. Buni oilaning shaxsiy ishi sifatida qarash yoki oiladagi vaziyatdan atrofdagilarning boxabar boʻlishini istamaslik asosiy sabab boʻlayapti.

– Bizningcha, aynan mana shunday holatlarda oilaviy mediatsiya zarur, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining huquqiy masalalar boʻyicha eksperti Shahzoda Poʻlatova. – Sababi, mazkur institut oʻz faoliyatida maxfiylik, ixtiyoriylik tamoyillariga amal qiladi. Yaʼni, oila vakillari oʻzaro nizoli vaziyatda murosaga kelishi uchun bu xizmatdan oʻz roziliklari bilan, ixtiyoriy tarzda foydalanishi mumkin. Oilaviy munosabatlarga taalluqli barcha maʼlumotlar esa oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu oilaviy mojarolarning sudgacha yetib bormasligini taʼminlashi bilan ham ahamiyatlidir.

Muloqotlar davomida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari himoyasi borasida yuzaga kelayotgan muammolar, kamchiliklarning sabab va oqibatlarini ilmiy yondashuvlar asosida tahlil etish lozimligi ilgari surildi.

1 011
Feruza MIRZAKOMILOVA, OʻzA