O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Xotin-qizlar bandligi doimo eʼtiborda

Xotin-qizlar bandligi doimo eʼtiborda

Oliy Majlis Senati ishchi guruhi hamda Toshkent viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan Olmaliq shahrida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini taʼminlash, ular orasida tadbirkorlikni rivojlantirish, bandligiga koʻmaklashish, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash masalalari oʻrganildi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nosirbek Abdullaxonov, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Malika Qodirxonova, respublika Markaziy banki boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Viktoriya Alekseyeva hamda “Nihol” nodavlat-notijorat tashkiloti direktori Shirin Rashidova “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, MISiS Olmaliq filiali, “Hunarmand” uyushmasi hamda kredit olib tadbirkorlik faoliyatini boshlagan tadbirkorlik subyektlaridagi xotin-qizlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Aytish joizki, Olmaliq shahar Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga joriy yilda xotin-qizlar tomonidan kelib tushgan jami murojaatlar soni 328 ta boʻlib, ularning 71 tasi davlat mehnat huquq inspektoriga ayollardan huquqini tiklash boʻyicha yoʻllangan. Shundan 5 tasi bola parvarishi uchun taʼtil pullari, 27 tasi esa korxona va tashkilotlar tomonidan oylik ish haqlari yuzasidan boʻlib, muammolar ijobiy hal etildi.

Shuningdek, Olmaliq shahrida xotin-qizlar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha tadbirkor Z.Usmonova tomonidan koʻpgina ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shahardan chekka hududda joylashgan A.Qodiriy, Terakli mahallalarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarga gilam toʻqish boʻyicha mashgʻulotlar tashkillashtirilgan.

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan shahardagi Xalq banki filiali tomonidan ishsiz, tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 61 nafar xotin-qizga 1 milliard 463 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilgan.

photo_2020-07-16_18-23-54.jpg

Oʻtgan vaqt davomida Olmaliq shahar kengashi deputati, “Hunarmand” uyushmasi raisi Matluba Oʻlmasova saʼy-harakati bilan hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha 21 nafar tadbirkor xotin-qizga 653 million soʻm, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 40 nafar ayolga 810 million soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan.

Oʻrganishlar davomida hududda Prezidentimizning 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan ayollar mehnati toʻliq yoki qisman qoʻllanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlarga jalb qilish holati yuzasidan joriy yil mobaynida murojaatlar kelib tushmagan. 

Umuman taqiqlangan kasb va vazifalarda xotin-qizlar mehnatidan foydalanish holatlari aniqlanmagan. Jamoa shartnomalari bandlariga kiritilgan, shuningdek, kasaba uyushmalari raislari tomonidan nazoratga olingan, ikki yoshgacha bola parvarishidagi onalarga korxona, muassasa va tashkilotlar tomonidan bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha vaqt ajratilgan. Ish beruvchilar tomonidan ayollarga 60 yoshga toʻlgunga qadar mehnat shartnomasi (muddatli mehnat shartnomalari)ni bekor qilish toʻgʻrisida taqiq qoʻyilmagan.

Tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan ayollar xotin-qizlar tadbirkorlik markazlariga jalb etilib, ularga biznesini tashkil etish va yuritish koʻnikmalarini shakllantirish kabi boshqa yoʻnalishlar boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilmoqda.

1 512
A.Musayev, OʻzA