O‘zA O`zbek

12.07.2018 09:18 Chop etish versiyasi

Xorijlik fuqarolar elektron viza uchun qancha to‘laydi?

Xorijlik fuqarolar elektron viza uchun qancha to‘laydi?
Xorijlik fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasiga kirishi uchun elektron viza rasmiylashtirilganligi va berilganligi uchun konsullik yig‘imi miqdori belgilangan. 

Hozirgi vaqtda respublikamizga xorijiy fuqarolarning kirishi uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini optimallashtirishga, milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga kirish turizmini transformatsiya qilish, madaniy-tarixiy merosni, tabiiy boyliklar va an’analarni, shuningdek, respublikaning turizm imkoniyatlari va salohiyatini keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yurtimizda turizm sohasini rivojlantirish jarayoni xorijiy fuqarolarning respublikaga kirishi tartibini yanada soddalashtirish, elektron kirish vizasini rasmiylashtirish va berish bo‘yicha interaktiv xizmatlarni takomillashtirishni talab etmoqda. Shuningdek, bir qator xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasiga vizasiz qisqa muddatli, 16 yoshga to‘lmagan xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasiga vizasiz kirishini soddalashtirishga zarurat oshdi.

Ayni ishlarni tartibga solishda Prezidentimizning joriy yil 4 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dastur-ulamal bo‘lib xizmat qiladi.

Qarorga ko‘ra, xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasiga kirishi uchun elektron viza rasmiylashtirilganligi va berilganligi uchun konsullik yig‘imi miqdori 20 AQSH dollari etib belgilandi. Tushgan mablag‘lar keyinchalik O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralarini moliyalashtirishga yo‘naltirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining valyuta hisob raqamiga o‘tkaziladi.

O‘zA
3 033