O‘zA O`zbek

06.08.2018 11:34 Chop etish versiyasi

Xorijiy tajriba taraqqiyotga xizmat qiladi

Xorijiy tajriba taraqqiyotga xizmat qiladi

Andijonda “O‘zbekiston Respublikasi iqlim sharoitida Rossiya seleksiyasiga mansub soya, kungaboqar, makkajo‘xori, oq jo‘xori kabi qishloq xo‘jaligi ekinlari va duragaylarini sinovdan o‘tkazish hamda amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlarni o‘rganish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Fanlar akademiyasi, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy ishlab chiqarish markazi, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Butunrossiya moyli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti va Rossiya Federatsiyasining mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi qator tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda mamlakatimizdagi tegishli idoralar vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, shuningdek, Jahon oziq-ovqat tashkiloti ekspertlari, Qirg‘iziston Respublikasidan tashrif buyurgan mutaxassislar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Andijon tumanidagi tajriba dalasida asosiy va takroriy ekilgan soya, makkajo‘xori, oq jo‘xori va kungaboqar navlarining ko‘rgazmali ko‘chatzorlari, u yerda olib borilayotgan ishlar, agrotexnik tadbirlar bilan tanishdi.

11.JPG

“O‘zbekistonda ekishga tavsiya etilgan “Soko” kompaniyasi soya navlari tasnifi”, “Markaziy Osiyo sharoitiga mos istiqbolli soya navlari va yetishtirish seleksiyasi”, “Markaziy Osiyo sharoitiga mos istiqbolli kungaboqar nav va duragaylari”, “Markaziy Osiyo sharoitida “Agroplazma” markazi seleksiyasiga mansub kungaboqar navlari ekin maydonlarini kengaytirish istiqbollari”, “Mahalliy sharoitda yaratilgan soya navlari va yetishtirish agrotexnikasi” singari mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzalarda zikr etilgan masalalar va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, samaradorligini oshirish, ilg‘or agrotexnik tadbir va tajribalarni ommalashtirish, sohada O‘zbekiston – Rossiya hamkorligini yanada mustahkamlash bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

– O‘zbekistonda soya, kungaboqar va makkajo‘xori seleksiyasi, sifatli va serhosil yangi navlar yaratish, ayniqsa, Rossiya seleksiyasiga mansub navlarni sinovdan o‘tkazish borasida e’tiborga molik ishlar qilinayotganiga guvoh bo‘ldik, – deydi Butunrossiya moyli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti agrotexnika laboratoriyasi mudiri Aleksandr Bushnev. – Mazkur yo‘nalishdagi hamkorligimiz kutilgan natijalar berishiga ishonaman.

Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat) O‘zA
2 594