O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Xorijdagi vatandoshlar xalqaro sayyohlik yarmarkasini e’tirof etmoqda

Xorijdagi vatandoshlar xalqaro sayyohlik yarmarkasini e’tirof etmoqda

Poytaxtimizda “Ipak yo‘lida turizm“ XXV xalqaro sayyohlik yarmarkasi davom etmoqda. Ayni vaqtda bu jarayonni xorijliklar va chet elda yashayotgan ko‘plab vatandoshlarimiz ham diqqat bilan kuzatayotir. Vaholanki, tadbirda 17 mamlakatdan 50 dan ortiq xorijiy OAV vakili ishtirok etmoqda.

Vatandoshlarimiz yo‘llagan tabriklarni O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida olishga muvaffaq bo‘ldik.

Nodirbek A’zamov:

– Ayni vaqtda Janubiy Koreyada yashayman. Bu yurtning fuqarolariga O‘zbekiston va uning boy tarixi haqidagi ko‘plab ma’lumotlarni ma’lum qilmoqdaman. Bu esa ularning Vatanimizga bo‘lgan qiziqishini va sayohat qilish istagini oshirmoqda. Gulla, yashna, hur O‘zbekiston.

Asil Bobojonov:

– Ayni vaqtda Germaniyadagi universitetda magistraturada tahsil olmoqdaman. “Ipak yo‘lida turizm“ xalqaro sayyohlik yarmarkasi ochilgani bilan yurtdoshlarimni tabriklayman. Yarmarka ishtirokchilariga omad.

Navro‘za Aslonova:

Ayni vaqtda Yaponiyadagi yirik kompaniyalardan birida marketing yo‘nalishida faoliyat yuritmoqdaman. Barchani xalqaro sayyohlik yarmarkasi bilan tabriklayman. Kelgusida yurtimizda sayyohlik xizmatlari yanada rivojlanishi uchun o‘z hissamni qo‘shaman.

Fayzullo Davronov:

– Hozirda Janubiy Koreyada tahsil olmoqdaman. Ayni vaqtda Toshkentda o‘tayotgan yarmarka turizm rivojiga ulkan hissa qo‘shishi shubhasiz. Vaholanki, bunda xalqimizning milliy urf–odatlari, taomlari va odatlarini dunyoga yana bir karra ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lamiz.

Qayd etish kerakki, Xitoy va Markaziy Osiyo shaharlarini O‘rta yer dengizi mamlakatlari bilan bog‘lovchi Buyuk ipak yo‘li ko‘p asrlar davomida ushbu hududlar o‘rtasidagi savdo va madaniyat almashinuv jarayonlarida muhim ahamiyatga ega. Aslida u eramizdan avvalgi II asrda Xitoy va Farg‘ona vodiysi shaharlari o‘rtasidagi savdo yo‘li sifatida yuzaga kelgan bo‘lib, keyinroq Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muhim transport aloqa yo‘li maqomini egalladi.

496
Sayyora ShOEVA, O‘zA