O‘zA O`zbek

23.10.2018 17:46 Chop etish versiyasi

Xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimizning 42 kishidan iborat ikkinchi guruhi Oʻzbekistonga qaytarildi

Xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimizning 42 kishidan iborat ikkinchi guruhi Oʻzbekistonga qaytarildi

Toshkent Xalqaro aeroportida qarindoshlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash vazirliklarining masʼul vakillari kutib oldi.

photo5366216394452085117.jpg

Shundan soʻng, yurtdoshlarimiz Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga olib borilib, u yerda toʻliq tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi. Fuqarolarimiz salomatligi nazoratga olingach, Rossiya Federatsiyasidan olib kelingan fuqarolarimiz bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

photo5366216394452085119.jpg

Uchrashuv davomida xorijda ogʻir ahvolda qolgan fuqarolarimiz bandligini taʼminlash, ularning kelgusi faoliyatlari uchun kerakli imkoniyatlarni yaratish, jumladan, xususiy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishlari uchun mikrokreditlar ajratish boʻyicha tavsiya va koʻrsatmalar berildi, fuqarolarni qiziqtirgan masalalarda fikr-mulohaza almashildi.

Uchrashuv yakunida yurtimizga qaytarilgan fuqarolarning yashash manziliga qadar yoʻl xarajatlarini qoplash maqsadida ular uchun eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida pul mablagʻlari tarqatildi.

Yurtdoshlarimizni Oʻzbekistonga qaytarish bilan bogʻliq tashkiliy ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida tashkil etilgan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirildi.

Tashqi mehnat migratsiya agentligi 
Samarqand viloyati filiali 
direktori A.Xafizov

O'zA
1 870