Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.07.2018 14:06 Chop etish versiyasi

Xorazmdan Xudoybergan Devonov otlari topildi

Xorazmdan Xudoybergan Devonov otlari topildi
O‘zbek yilqichiligi tarixiga doir ma’lumot yig‘ish uchun Xorazmga qilgan safarim ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Yilqichilar kam, borlari ham puxta sinchi emasdi.

Mehmonxona derazasidan ko‘hna Urganch manzaralarini kuzata turib shunday o‘y keldi xayolimga: “Bu yer xonlar yurti, otni biladigan odam bo‘lmasa ham Xiva hukmdorlarining otxonasi yoki ularning o‘rni saqlanib qolgan bo‘lsa kerak”. Shu niyat bilan mezbon – Arslon aka bilan Xiva sari yo‘l oldik.

Muazzam Ichanqal’a!

Osmon ostidagi qadim Turon javhari!

Bu yerda nafaqat otxona yoki o‘zbek yilqichiligi o‘tmishi, balki sha’ni baland ajdodlarimizning qadam tovushlari ham saqlanib qolgan edi nazarimda. Bir hisobdan to‘g‘ri o‘ylagan ekanman: bizni kutib olgan kishi – “Ichanqal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi katta ilmiy xodimi Dilmurod Bobojonov ko‘hna Ark saroyidagi Xorazm tojdorlarining otxonasi o‘rnini ko‘rsatdi. Keyinchalik bu joy mehmonlarni jalb qilish maqsadida qayta rekonstruksiya qilingan ekan. Shuningdek, Nurillaboy saroyi orqasida ham Xiva xonlari otxonasi bo‘lgan ekanki, ayni paytda bu joylar muzey tarkibiga kiritilib, qadimgi osori atiqalar saqlanmoqda.

– Bu o‘lka azaldan yilqichi el bo‘lgan, – deydi Dilmurod aka. – Afsuski, mustamlakachilarning qirsovi bilan xalq otdan uzoqlashgan. Ot bilan bog‘liq neki bo‘lsa, barisi unutilishi shart bo‘lgan. Shu boismikan, bugungi avlod orasida ot ilmida ustalari yo‘q. Lekin Xorazm tarixida yilqi bilan bog‘liq juda ko‘p dalillar borki, shuning o‘zi xorazmliklar qadimdan otchi el bo‘lganligini isbotlaydi.

Dilmurod domla to‘g‘ri ta’kidlagan edi, tarixiy manbalarda o‘tgan asr boshlarida Xiva hukmdori saroyi otxonasida qorabayir, yovmit, ahaltaka zotiga mansub 15 mingdan 45 minggacha jangchi ot saqlanganli qayd etilgan.

Muhammad Rahimxon II Feruzning “Xonchiqar” va “Lazgi”ga o‘ynagan toza qonli yovmit otiga Kaufman ashaddiy ishqiboz bo‘lgan. Keyinchalik shu arg‘umoqning zurriyodi Peterburgda o‘tgan 1909 yilgi ko‘rgazmada kumush medal olgan. Bu haqda O‘zA saytida e’lon qilingan “Osiyoliklarni mirlamay yurgan Kaufman raqs tushayotgan otini ko‘rib hayratlangan” sarlavhali maqolada batafsil so‘z yuritgan edik.

Qaytayotganimizda mezbonlar “Ichanqal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasidagi o‘zbekning birinchi fotograf-kinooperatori Xudoybergan Devonov bo‘lmasiga olib bordi. U kishi olgan surat va video tasvirlarni tomosha qilayotib, xazina topganday bo‘ldim. Rasmlar orasida 110 yil burun obyektivga muhrlangan qorabayir, ahaltaka, yovmit otlari bor edi.

Rosti, bu suratlar men uchun chinakam xazina edi. Endi xorazmliklarning unutilayozgan yilqichiligi tarixini tiklash imkoni bor edi. O‘zbek yilqichiligi tarixini o‘rganish asnosida ushbu rasmlarni “Xudoybergan Devonov otlari” deb qayd qildim.

Qorabayir oti 1912-yil

07eb708b-2cb9-4130-babf-ee15428e0f01.jpg

4ddc806e-2865-47a6-bb02-858c72eb2bb7.jpg

Omoch tortayotgan qorabayir oti

12f8a741-6725-490c-99a9-f142f8ce3957.jpg

Xiva xonining qorabayir otlaridan iborat kazak otryadi

ac3f85ce-2a9c-4104-968f-63a927b83bc8.jpg

Ovchi 1912-1915-yil​

af9f6329-9063-4308-8e3e-ebf20c31cd85.jpg

Ahaltaka va yovmit oti 1915-yil​

06.JPG

Omoch tortayotgan qorabayir oti 1915-yil​

f49cdc99-0782-41eb-b7c8-087181707c70.jpg

Anvar Suyunov,
O‘zbekiston yilqichilik va
ot sporti federatsiyasi
Matbuot kotibi


PS: Material O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi 
nodavlat-notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa 
institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti doirasida tayyorlandi.

3 793