Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2017 17:47 Chop etish versiyasi

Xorazmda yong‘inga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv-amaliy yig‘inlar bo‘lib o‘tdi

Xorazmda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti professor-o‘qituvchilari ishtirokida kompleks o‘quv-amaliy yig‘inlari bo‘lib o‘tdi.

O‘n kun davom etgan yig‘inlarda Xorazm viloyatidagi yirik korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, yong‘in xavfsizligi xodimlari, yong‘in-texnik komissiyasi raislari, ko‘ngilli yong‘indan saqlash xizmati bo‘linmalari boshliqlari ishtirok etdi.

Mashg‘ulotlarda mutaxassislarning “Yong‘in xavfsizligi sohasidagi qonunchilik bazasi”, “Modda va materiallarning yonish-portlash xavfi xossalari”, “Bino va inshootlarning olovbardoshligi darajasi”, “Ob’ektda yong‘in xavfi mavjud ishlarni bajarishda yong‘in xavfsizligi choralari” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.

– Davlat muassasalari xodimlari yong‘in xavfsizligi qoidalaridan yaxshi xabardor bo‘lishi juda muhim, – deydi Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi raisi O‘.Matqurbonov. – Chunki, ushbu obyektlarda saqlanayotgan hujjatlar, moddiy boyliklar nafaqat shu idora va uning xodimlari, balki xalq va davlat mulkidir. O‘quv mashg‘ulotlari, seminarlar turli shakldagi qo‘llanmalar orqali ta’sirchan usullarda o‘tkazildi. Muassasalar binosining ko‘rinarli joylariga ilib qo‘yish uchun fuqarolarni ogohlik va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishga chaqiruvchi plakatlar tarqatildi.

Prezidentimizning 2017-yil 10-apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda joriy yil 23-maydagi “Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan kompleks o‘quv-amaliy yig‘inlarda yong‘in o‘chirish bo‘yicha amaliy-taktik mashqlar o‘tkazildi. Unda yong‘inning oldini olish, unga qarshi kurashish, yong‘in sodir bo‘lganda olovni o‘z vaqtida o‘chirish qoidalari bo‘yicha atroflicha tushuncha berildi.

Tadbirlarda ishtirok etgan korxona-tashkilot rahbarlarining bu boradagi bilimini aniqlash bo‘yicha maxsus test sinovlari o‘tkazildi. Uni muvaffaqiyatli topshirgan 120 nafar rahbar va xodimga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutining maxsus sertifikatlari topshirildi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
1 955






Все о погоде - Pogoda.uz