O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Xorazmda besh avlodli issiqxona majmuasi qurilmoqda

Xorazmda besh avlodli issiqxona majmuasi qurilmoqda

Xonqa tumanida barpo etilayotgan ushbu zamonaviy issiqxona majmuasi bir yilda uch marotaba hosil olish imkonini beradi. Vaholanki, aholini kech kuz, qish va erta bahorda qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlashda bunday himoyalangan maydonlar muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimizning o‘tgan yil noyabr oyida Xorazm viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida tasdiqlangan mazkur loyihani “GARDENS KHOREZM” korxonasi ishlab chiqqan. Bir yildirki, maydoni 6 gektarni tashkil etuvchi korxona qurilishi shiddat bilan olib borilmoqda.

Umumiy hajmi 16,9 mln. yevroga teng bo‘lgan loyihaning qisqa muddatda ishga tushirilishida esa “O‘zsanoatqurilishbank“ moliyaviy ko‘mak bermoqda. Xususan, bankning Germaniya Landesbankʼi kredit liniyasidan ajratgan 12,9 million yevro miqdoridagi krediti hisobiga korxonaga Gollandiyadan avtomatik ultra iqlim boshqaruv tizimiga ega besh avlodli issiqxona majmuasi keltirib, o‘rnatildi.

Issiqxona ishga tushsa, bir gektarda 500 tonna mahsulot yetishtirish hamda bir yilda 3 marotaba hosil olish imkoni yaratiladi. Xonqalik yuzdan ziyod fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanadi. Mahalliy bozordan tashqari, yiliga 3-4 million dollarlik mahsulot xorijiy davlatlarga eksport qilinadi.

Ayni vaqtda issiqxonada xodimlar va boshqa shaxslarning kirib-chiqishi tufayli kirishi mumkin bo‘lgan xavfli kasallik va mikroblardan tozalovchi uskunalar o‘rnatildi. Xo‘jalikda yetishtirilgan mahsulotlarni avtomatik tarzda yig‘ish, qadoqlash va yuklarni sifatli qilib joylashtirish uchun alohida servis zonalari tashkil qilingan.

Bizga ma’lum qilishlaricha, issiqxona ichki harorati yil davomida mavsum tanlamasdan bir xil iqlimda saqlanishi uchun uglekisliy gazda ishlovchi sovutish uskunasi bilan jihozlanadi. Tashqi qoplamalarining shisha oynalar bilan qoplangani esa u yerga ekilgan ko‘chatlarga kechayu kunduz bir xil yorug‘lik yetib borishini ta’minlaydi.

Ilg‘or va innovatsion texnologiya asosida barpo etilayotgan issiqxonada o‘simliklarni changlatish ham tabiiy usulda – asalarilardan foydalangan holda bajariladi. Bu esa mahsulot yetishtirish muddatini tezlashtirib, ularning eksportbop bo‘lishiga kafolatdir.

Qisqacha aytganda, keyingi yillarda yurtimizda issiqxona xo‘jaliklari ilmiy va industrial asosda rivojlanib, muhim sanoat tarmoqlari darajasiga ko‘tarildi. Mahsulotlarning yangi turlari yaratildi, ularni oziqlantirish va parvarishlashda zamonaviy usullar ishlab chiqildi, chet davlatlardan ilg‘or va innovatsion texnologiyalar keltirila boshlandi.

1 181
O‘zA