O‘zA O`zbek

18.09.2018 20:04 Chop etish versiyasi

Xorazm viloyati tajribasining samarasi qanday boʻladi?

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Prezidentning 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash borasidagi dolzarb vazifalar muhokama etildi.

Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan 9 ming 200 dan ziyod NNT jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, qonuniy manfaatlari, demokratik qadriyatlarini himoya qilishda muhim rol oʻynamoqda. Farmon ijrosi boʻyicha mahalliy davlat vakillik organlarining barcha boʻgʻinidagi Kengashlarida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari boʻyicha doimiy komissiyalar tuzildi.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida NNTlarning hududiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, boʻshab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarida “NNT uylari”ni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Bu borada birinchi boʻlib Xorazm viloyatida “Doʻstlik va NNT uyi” foydalanishga topshirildi. Unga ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan sohalarda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan 20 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari ijara tanlovining “nol” stavkasini qoʻllagan holda joylashtirildi.

Yigʻilishda farmon asosida tashkil etilgan xalq deputatlari viloyat, tuman va shaharlar Kengashlari huzurida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari boʻyicha doimiy komissiya faoliyatiga tizimli uslubiy yordam berish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, Xorazm viloyatida ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining amaliy samaradorligi, aholi turmush darajasini yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan davlat organlarining samarali hamkorligini amalga oshirishdagi muammolar koʻrib chiqildi.

– Ayni paytda Xorazm viloyatida 638 nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda, – deydi xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Sayyora Abdukarimova. – Joriy yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan tanlovlarda viloyatimizdan 9 loyiha gʻolib deb topilib, 253 million soʻm miqdorda moliyalashtirildi. Urganch shahri markazida foydalanilmayotgan inshoot 1 milliard 300 million soʻm evaziga toʻliq rekonstruksiya qilinib, taʼmirdan chiqarildi. Bu yerda tatar, koreys, rus va qozoq milliy madaniy markazlari, bir qator nodavlat notijorat tashkilotlar ish boshladi. Endi galdagi asosiy masala sohadagi muammolarni tizimli ravishda bartaraf etish va aholiga yanada qulaylik yaratishdir.

Yigʻilishda Parlament komissiyasi aʼzolari tomonidan viloyatda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida qator takliflar bildirildi.

Abdulaziz Musayev, OʻzA
1 087