O‘zA O`zbek

24.09.2020 Chop etish versiyasi

Xorazm uzumlari jahon bozorida

Xorazm uzumlari jahon bozorida

Xorazm viloyati bogʻbonlari tomonidan yetishtirilgan sarxil mevalar, xususan, uzum joylardagi sovutgichlarga jamlanishi bilan bir qatorda chet elga ham eksport qilinmoqda.

Mamlakatimizdagi tadbirkor va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilishda keng imkoniyat va qulayliklar yaratilmoqda. Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlariga xorij davlatlarida talab yuqori.

Viloyatda yetishtirilib, ekportga yoʻnaltirilgan meva-sabzavot mahsulotlarining qariyb 99 foizi Rossiya va MDH mamlakatlari hissasiga toʻgʻri keladi. Joriy yilning oʻtgan 8 oyi davomida 4 million 500 ming AQSH dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qilingan boʻlsa, umumiy ekport hajmining toʻrtdan bir qismini uzum mahsuloti tashkil etadi.

Bogʻot tumanida mavsum boshidan buyon birgina uzumning oʻzidan 1 million AQSH dollarlik mahsulot eksport qilingan. Maydonlarda hosilni yigʻib olish ishlari hali davom etmoqda. Bu yil tumanning Dehqonbozor qishlogʻidagi “Jannat bogʻi” fermer xoʻjaligining tokzorlarida ham uzum hosili moʻl boʻldi. Yetishtirilgan mevaning deyarli hammasi huddi oldingi yillardagi kabi xorijga eksport qilinadi.

– Qishlogʻimizda aksariyat aholi uzum yetishtirish bilan shugʻullanadi, – deydi “Jannat bogʻi” fermer xoʻjaligi rahbari Gulchehra Davlatova. – Aholining asosiy daromadi ham uzumchilikdan. Bizning tokzorlarimizda ham uzumning “Toyfi”, “Kelin barmoq”, “Ketmon sofi”, “Qora niqobli”, “Husayni” va “Roʻzimat ota” kabi turlari ekilgan. Mevaga kirgan toklarimiz yoshiga qarab 10 kilogramdan 25 kilogramgacha hosil beradi. Xoʻjaligimizda 11,5 gektar maydonda eksport uchun eng qulay uzum navi boʻlgan “Toyfi” uzumi ekilgan. Mahalladoshlarimizning 25 nafarini mavsumiy ishga jalb qilganmiz. Kelgusi yilda 10 gektar intensiv uzumzordagi mevalarni ham eksport qilishni boshlaymiz.

Mavsum qisqa, hosil esa koʻp. Xorijdan talab ham kun sayin ortmoqda. Tashqi bozordan xaridor topish va mahsulotni tezroq eksport qilishda esa fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari bojxona tartibotlari, mavjud yangiliklar va qulayliklar bilan yaqindan tanishib borishlari lozim. Shu nuqtayi nazardan viloyat bojxonachilari ham dalama-dala yurib tadbirkorlar va fermerlarga amaliy yordam koʻrsatmoqda. Bogʻotda yetishtirilayotgan uzum mahsulotlarini eksportga rasmiylashtirish jarayonlari asosan Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi “Urganch” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida amalga oshirilib, shu bilan birga tadbirkorlarga huquqiy koʻmak va amaliy yordam ham koʻrsatilmoqda.

– Uzum mahsulotini maxsus avtotransport vosilariga ortish asosan salqin havoda, kechqurun amalga oshirilishini inobatga olib, rasmiylashtiruv jarayonlarini qisqa muddatda tayyorlash boʻyicha bojxona postida tunu-kun navbatchilik tashkil qilingan, – dedi Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi “Urganch” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti katta inspektori Gʻayrat Zamonov. – Horzirgi kunda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yengillashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilmoqda. Yaʼni, xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali sariq va yashil yoʻlaklarda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksporti uchun ketgan vaqt oʻrtacha 35-40 daqiqani tashkil etmoqda. Bu esa oʻz navbatida tadbirkorlarimizni vaqti va mablagʻini tejaydi.

Bogʻlarda yetishtirilgan mevalarni isteʼmolchilarga sifati buzilmasdan yetkazib berish hamda uzoq muddat saqlash katta ahamiyatga ega. Bunda zamonaviy sovutish omborlari hamda quritish texnologiyalarining oʻrni juda muhim. Mamlakatimizda Prezidentimizning qaror va farmonlariga asosan shu yoʻnalishda olib kelinayotgan zamonaviy texnika va texnologiyalarga bojxona toʻlovlaridan imtiyoz berilgan.

Tumandagi “PERFECT LOGISTICS” masʼuliyati cheklangan jamiyati berilgan imtiyozlardan foydalanib 1600 tonnalik sigʻimga ega meva va sabzovotlarni saqlash va quritishga moʻljallangan sovuchkich omborini ishga tushirdi. Loyiha qiymati 2 million 600 ming AQSH dollarini tashkil etgan qurilmalarni xorijdan olib kelishda bojxona organlari tomonidan 10 milliard 332 million 32 ming soʻm bojxona toʻlovlaridan imtiyoz berilgan.

– Bugungi kunda davlatimiz tomonidan tadbirkorlarimizga berilayotgan keng imkoniyatlar va qoʻllanilayotgan imtiyozlar asosida yurtimizda yetishtiralayotgan meva-sabzavotlarni uzoq muddat saqlash va eksport qilish maqsadida zamonaviy muzlatkich hamda quritishga moʻljallangan texnologiyalarni korxonamiz omborxonalariga oʻrnatdik, – deydi “PERFECT LOGISTICS” MCHJ ish yurituvchisi Otabek Matchonov. – Natijada 50 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi. Sovutgich omborxonamizda 12 ta kamera boʻlib, har hil mevalarni oʻziga yarasha maxsus sharoitda saqlash imkoniyati mavjud. Tumandagi fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan mevalarni qabul qilamiz va eksport qilingunga yoki bozorga olib ketilgunga qadar saqlaymiz. Meva va sabzavotlarni klaster usulida ham qabul qilamiz.

Diyorimizda yetishtirilayotgan sarxil mevalar hushtaʼmi va sifati bilan jahon bozorlarida brend mahsulotlarga aylangan. Shartnomalar soni koʻpaymoqda. Davlatimiz tomonidan qonunga itoatkor va halol tadbirkorlarning xorijga eksport qilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona koʻrigidan oʻtkazilmayotganligi, bojxona postlarida yuk mashinalari navbatsiz harakatlanishga ruxsat berilayotgani mahsulotlarni xorijdagi hamkorlarga tezroq yetib borishini taʼminlayotir. Bu oʻz navbatida mamlakat iqtisodiyotida muhim oʻrin tutgan eksport hajmining ortishiga xizmat qilmoqda.

1 950
Ahmadjon SHOKIROV, O'zA