O‘zA O`zbek

07.08.2018 16:27 Chop etish versiyasi

Xonadon qo‘rig‘i narxi oyiga 17 ming so‘m

Xonadon qo‘rig‘i narxi oyiga 17 ming so‘m
Aholining barcha qatlamlari manfaatlarini inobatga olib, keyingi 6 yil davomida xonadon qo‘rig‘i narxi o‘zgartirilmadi.

Joriy yilning 27-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan tanqidiy fikrlardan so‘ng Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash birlashmasi tomonidan “Xavfsiz xonadon” maxsus rejasi ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Birgina o‘tgan hafta mobaynida respublikamizda 400 dan ortiq xonadon qo‘riqlash tizimiga ulandi.

Toshkent shahrida joriy etilgan integrallashtirilgan qo‘riqlash tizimlari va innovatsion qo‘riqlash modelini respublikaga tatbiq etish belgilandi. Aholining barcha qatlamlari manfaatlarini inobatga olib, keyingi 6 yil davomida xonadon qo‘rig‘i narxi (oyiga 17 ming so‘m) o‘zgartirilmadi.

Tadbirkorlik obyektlariga qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatish ko‘lami kengaytirilishi natijasida texnik qo‘riqlash xizmat narxi bo‘yicha 40 foizgacha chegirma belgilandi. E’tiborlisi, ushbu obyektlarga qo‘riqlash xizmatlarining signalizatsiya vositalari hamda boshqa jihozlar bepul o‘rnatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash birlashmasi tomonidan Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ana shular haqida so‘z bordi.

Unda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash birlashmasi boshlig‘i, polkovnik T.Najimov va boshqalar mamlakatimizda zamonaviy qo‘riqlash va xavfsizlik vositalarini tatbiq etish ishlariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu borada amalga oshirilayotgan izchil ishlar natijasida mazkur xizmatning sifat va samaradorligi tubdan yaxshilanib, shaxsiy tarkibning jangovar va kasb tayyorgarligi ortib bormoqda.

Soha vakillarining bergan ma’lumotiga ko‘ra, endilikda bosqinchilik jinoyatlarining oldini olish maqsadida aholi va tadbirkorlarga “tashvish” tugmasi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish narxi (hozirda soatiga 1 ming 766 so‘m) o‘rta hisobda 50-60 foizga arzonlashtiriladi.

Respublika ichki ishlar organlari qo‘riqlash bo‘linmalari tomonidan joriy yilning shu paytiga qadar 26 ming 953 xalq xo‘jaligi obyekti va 12 ming 104 fuqaro xonadoni qo‘riqlab kelinmoqda. Faoliyat jarayonida joriy yilda 23 jinoiy tajovuzning oldi olindi. Toshkent va Andijon shaharlarida texnik qo‘riqlash tizimi to‘liq zamonaviy integrallashgan, innovatsion texnologiyalarga o‘tkazildi. Hozirda ular orqali 5 ming 202 obyekt va 6 ming 977 xonadon qo‘riqlanmoqda.

Tadbirda ishtirokchilar qo‘riqlash xizmati faoliyatiga tatbiq qilinayotgan boshqa yangiliklar bilan ham tanishdi.

D.Sunnatov, O‘zA
2 393