O‘zA O`zbek

17.08.2019 Chop etish versiyasi

Xolid Elmiy: Afgʻoniston oʻz tashqi siyosatida Oʻzbekiston bilan doʻstlikni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilagan

Xolid Elmiy: Afgʻoniston oʻz tashqi siyosatida Oʻzbekiston bilan doʻstlikni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilagan

Afgʻonistonda 19-avgust – Mustaqillik bayrami keng nishonlanadi. Ushbu kun munosabati bilan qoʻshni mamlakatning Oʻzbekistondagi elchisi Ahmad Xolid ELMIY yaqin qoʻshnichilik munosabati, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari haqida quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Afgʻoniston mustaqillik kuni ushbu zaminda istiqomat qiladigan, bir-biri bilan birodar xalqlar va elatlar uchun katta faxrdir. Afgʻon xalqi uchun ulugʻ tarixiy sana hamda bobolarimizning gʻururi, gʻayrati va himmati nishonasidir. Shu bois mazkur sana har yili katta tantana, oʻzgacha shukuh bilan nishonlanadi.

Bu bayram afgʻon zaminida istiqomat qiladigan, qarashlari mushtarak xalq va elatlar birdamligi, oʻzlikni anglash, his etish ramzidir. Xalqimiz esa ushbu ulugʻ neʼmatni asrashni oʻzi uchun faxr deb biladi. Hozirgi kunda esa yagona tarixiy maqsadga erishish yoʻlida avlodlar birdamligi, mustaqillik va milliy suverenitetni asrashdagi birodarlik, yakdillik va bagʻrikenglik muhim. Bugungi kunda bizdan xorijiy tajovuzlarga qarshi bobolarimiz kabi fidokorona kurashishimiz va mamlakat istiqloli va ozodligini asrab-avaylash talab etiladi.

Joriy yilgi Mustaqillik ayyomiga alohida hozirlik koʻrilgan. Bayram shodiyonalari Prezident saroyida boʻlib oʻtadi. Kobulda shonli kun munosabati bilan turli tadbir va bayramlar, xalq sayllari uyushtiriladi. Prezident televideniye orqali afgʻon xalqiga tabrik yoʻllaydi, Mustaqillik minorasi poyiga gulchambar qoʻyiladi. Shuningdek, harbiy parad boʻlib oʻtadi.

Qoʻshni Oʻzbekiston bilan dinimiz bir, tariximiz, madaniyatimiz mushtarak. Oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritgan ilk kunlardanoq, ushbu mamlakat rahbariyati Afgʻoniston bilan aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor bergani yurtingizning doʻstlik va birodarlik tuygʻularini nechogʻlik oliy qadriyat bilishidan dalolat. Bugungi kunda ham oʻzaro munosabatlar yuqori surʼatda rivojlanib bormoqda. Afgʻoniston ham tashqi siyosatida Oʻzbekiston bilan doʻstona aloqalarni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilagan. Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani taʼbiri bilan aytganda, Oʻzbekiston bilan doʻstlik va hamkorlik Afgʻonistonning boshqa xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlari uchun oliy va yorqin namuna boʻlmoqda.

Savdo-iqtisodiy, transport, infratuzilma va boshqa sohalarga oid imzolangan 30 dan ortiq bitim va shartnoma ikki mamlakat hamkorligining yanada rivojlanib borayotganidan dalolat.

Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezident Ashraf Gʻani va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 13-iyun kuni SHHT ga aʼzo davlatlar rahbarlarining Bishkek sammiti doirasidagi uchrashuvida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida joriy yil 23-may kuni Termiz shahrida, 1-3-iyul kunlari Mazori Sharif shahrida biznes-forumlar oʻtkazildi. Shuningdek, 15-18-iyul kunlari Toshkentda biznes-forum, Afgʻonistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Albatta, bunday anjumanlar Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo aylanmasining sezilarli oʻsishida muhim oʻrin tutadi. Toshkent shahrida 16-iyul kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Afgʻoniston hukumatlararo komissiyasining birinchi majlisi oʻtkazilgani manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishga qaratilgan.

Oʻzbekistonning Afgʻoniston uchun hayotiy ahamiyatga ega “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasi va “Mozori Sharif – Hirot” temir yoʻl qurish loyihalarini amalga oshirishdagi saʼy-harakatlari tahsinga sazovor. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov joriy yil iyul oyida Mozori Sharifga tashrifi chogʻida Oʻzbekiston “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish uchun 45 million dollar miqdorida chegirma taqdim etilishini maʼlum qildi. Bu, oʻz navbatida, doʻst Oʻzbekistonning Afgʻonistonga boʻlgan ezgu niyatlari, ixlosi va samimiyati ramzi boʻladi. Mamlakatingizning temir yoʻl qurilishi sohasidagi boy tajribasini inobatga olib, afgʻon tomoni temir yoʻl sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishni qoʻllab-quvvatlaydi. “Mozori Sharif – Hirot” temir yoʻlining qurilishi juda muhim va bunda ikki mamlakat hamkorlik qilishini istaymiz.

2018-yil yakunida oʻzaro savdo aylanmasi 600 million dollardan oshdi. Biroq, joriy yilning yanvar-may oylarida ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 14,8 foizga kamayib, 216 million dollarni tashkil etdi. Ikki mamlakatning geografik joylashuvi, rivojlanib borayotgan xalqaro transport yoʻlaklari va boshqa ustuvor omillarni inobatga olib, Afgʻoniston – Oʻzbekiston savdo aylanmasi hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish uchun ulkan imkoniyat mavjudligini taʼkidlashni istardim.

Buning uchun ikki mamlakat mahsulotlar eksport va importida qulaylik yaratish maqsadida yengilliklar yaratishi, chegara hududlarida savdoni yanada rivojlantirishi, oʻzaro tashriflar va koʻrgazmalar tashkil etish, Savdo-sanoat palatalari hamkorligini kengaytirish, oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha aniq choralar koʻrish maqsadga muvofiq. Transport va tranzit sohalaridagi hamkorlik muhim yoʻnalishlardan biri boʻlib, mamlakatlarimiz manfaatlariga toʻliq mos keladi. Xalqaro yuk tashishni yanada rivojlantirish maqsadida hukumatlar oʻrtasida yuk tashish bitimini imzolash maqsadga muvofiqdir.

Mamlakatlarimiz xalqlari tarixiy, madaniy va diniy mushtarakka egadir. Turizm sohasini rivojlantirish va afgʻonistonlik sayyohlarni jalb etish boʻyicha ishchi guruhi tuzishga kelishib olingani xalqlarimizning boy madaniyati bilan yaqindan tanishish, madaniy aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi qoshida 2018-yili Oʻzbekiston – Afgʻoniston doʻstlik jamiyati tuzildi. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan afgʻon yoshlarini oʻqitishni har tomonlama rivojlantirish maqsadida amaliy choralar koʻrilmoqda.

Hozirgi kunda 27 nafar afgʻon yoshlari Termiz shahridagi markazida tahsil olmoqda. Yangi oʻquv yilidan markazga 200 nafar afgʻon yigit-qizlarini yuborishni realashtirganmiz. Afgʻoniston temir yoʻl sohasida 400 nafar yoshni oʻqitishni rejalashtirgan. Shuningdek, mamlakatimizning “Brishno Shirkat” idorasi energetika sohasida 25-50 yoshni oʻqitish uchun Oʻzbekistonga yuborish istagida. Ayni paytda 96 nafar afgʻon talabasi oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha tahsilni tugatib, yurtga qaytdi.

Afgʻoniston Prezidenti koʻrsatmasi bilan Kobul universitetida oʻzbek tili madaniy markazini ochish, kelajakda rasmiy ish yuritishda oʻzbek tilidan foydalanish rejalashtirilgan. Shuningdek, tarixiy obidalarni taʼmirlash, xususan, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalar maqbaralarini obod etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Oʻzbekiston intilishlari bilan jahon hamjamiyatining eʼtibori qayta Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatishga qaratildi. Tinchlik jarayonini yoʻlga qoʻyish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Yaqin kunlarda Oʻzbekiston xalqi ham qutlugʻ sana davlat mustaqilligining 28 yilligini keng nishonlaydi. Fursatdan foydalanib, elchixonamiz nomidan doʻst va birodar Oʻzbekiston xalqini chin qalbimdan muborakbod etaman, oʻzimning ezgu tilaklarimni bildiraman, tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tilayman.

Afgʻoniston va Oʻzbekiston xalqlari doʻstligi abadiy boʻlsin!

“Dunyo” AA

608
O'zA