O‘zA O`zbek

15.08.2018 12:57 Chop etish versiyasi

Xo‘jako‘rsinga qilingan ish

Xo‘jako‘rsinga qilingan ish

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Har bir fermerga bitta yosh“ loyihasi doirasida fermerlarga bir nafar band bo‘lmagan yosh biriktirilib, unga g‘alladan bo‘shagan yer maydonidan bir gektar berish tartibi yo‘lga qo‘yildi.

“Yoshlar – kelajagimiz“ Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha tashkil etilgan shtablarda fermerlarning yoshlarga ajratayotgan yer maydonlari to‘g‘risida ma’lumotlar to‘planmoqda.

Mamlakatimizda 160 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatmoqda. Yoshlar ittifoqining matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunga qadar faqat 10 ming 931 ishsiz yoshga 1 gektardan yer ajratilgan. Xususan, Farg‘ona viloyatida 3 ming 771, Andijon viloyatida 1 ming 371, Xorazm viloyatida 850, Surxondaryo viloyatida 849, Sirdaryo viloyatida 800 yoshga 1 gektardan yer foydalanish uchun berilgan.

Afsuski, mavjud imkoniyatlar va qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning ijrosi ayrim hududlarda nomigagina bajarilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida atigi 12, Navoiy viloyatida 72 nafar yoshga yer ajratilgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bu hududlarda band bo‘lmagan yoshlar yo‘qmi? Yoxud yerga takroriy ekin ekilmaydimi?

Bu boradagi ishlar o‘rganilganda, ayrim hududlarda Yoshlar ittifoqi hududiy bo‘limi rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, hamkorlikda ishlamagani oqibatida takroriy ekin ekilmasdan qolayotgani ma’lum bo‘lgan.

Yoshlarga sug‘orish uchun noqulay, hosildorligi past yerlar ajratish holatlari ham uchramoqda. Natijada bu yerlardan unumli foydalanish qiyin kechmoqda.

Bu kabi vaziyat barchamizdan tashabbus va fidoyilik bilan mehnat qilishni talab etmoqda. Yoshlar bilan tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalasidir.

D.Sunnatov, O‘zA
1 968