Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.06.2018 20:25 Chop etish versiyasi

Xo‘jako‘rsinga qilingan hisobotlar, yolg‘on targ‘ibotlarga chek qo‘yildi

Xo‘jako‘rsinga qilingan hisobotlar tayyorlash amaliyoti bo‘lgani sir emas. Targ‘ibot tadbirlari ham nomigagina uyushtirilgan. Oqibatda fuqarolarning, ayniqsa, qishloq aholisining huquqiy ongi, madaniyati pasayib ketdi.

Bunday salbiy holatlarga barham berish maqsadida davlatimiz rahbarining 2018-yil 13-apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

– Mazkur hujjatda adliya organlari va muassasalari oldida turgan aniq vazifalar belgilandi, – deydi Adliya vazirligi qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xudoyor Meliyev. – Jumladan, huquqiy targ‘ibot va fuqarolarning huquqiy ongini oshirishning zamonaviy, ta’sirchan uslublarini joriy qilish topshirildi. Qabul qilinayotgan qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng ommaga yetkazish, aholining huquqiy savodsizligiga barham berish kabi chora-tadbirlar belgilab berildi.

Adliya vazirligi tomonidan ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida qisqa muddat ichida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu borada o‘zini oqlamagan, samarasiz usullardan voz kechilib, targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirishda zamonaviy mexanizm hamda uslublardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotir. Jumladan, internetdagi barcha ommabop ijtimoiy tarmoqlarda vazirlikning sahifalari tashkil etildi. Ularda yangi qabul qilingan va amaldagi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, qonunchilikdagi yangiliklar xususida tezkor ma’lumotlar, aholini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savol-javob tarzidagi huquqiy maslahatlar berib borilmoqda. Haftaning har juma kunida vazirlik mutaxassislari ishtirokida qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatidan aholini xabardor qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etilmoqda.

Tizimda yuz bergan eng muhim o‘zgarishlardan biri – tumanlar (shaharlar)da adliya bo‘limlari tashkil etilgani bo‘ldi. Adliya bo‘limlari hokimlarga hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumanlar (shaharlar) tuzilmalariga qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash masalalari bo‘yicha maslahatlar berib bormoqda. Qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tumanlar tuzilmalaridagi ijrochilarga yetkazish, “respublika – viloyat – tuman – mahalla” prinsipi bo‘yicha huquqiy targ‘ibot va aholining huquqiy savodsizligiga barham berish borasida samarali tizim yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tizimiga kiruvchi tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlari tomonidan may oyi oxirigacha joylarda 250 ga yaqin huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. 1641 normativ-huquqiy hujjatning davlat idoralariga yetkazilishi ta’minlandi. 594 huquqiy maslahat berildi. Fuqarolardan kelib tushgan 113 murojaat ko‘rib chiqildi.

Jizzax viloyati adliya boshqarmasi hamda uning tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlari tomonidan ham qonun hujjatlarini ijrochilarga yetkazish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, barcha adliya bo‘limlarining internet tarmog‘iga to‘liq ulanishi ta’minlandi. Vazirlik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozishmalar olib borish maqsadida corp.uz elektron dasturiga ulandi.

Ayni paytda adliya boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi barcha tashkilotlarga yetkazilayotgan qonun hujjatlari matnini o‘z vaqtida qabul qilish bo‘yicha alohida mas’ul xodim biriktirish, internet tizimiga ulanish, e-xat va boshqa elektron pochta manzillarini ochish kabi tashkiliy masalalar hal etilmoqda.

Bu borada e’tiborga molik yana bir masala shundaki, viloyat va har bir tuman bo‘yicha “telegram” ijtimoiy tarmog‘ida adliya xodimi boshqaruvida tashkilotlarning mas’ul xodimlari a’zoligida “Yangi qonunlar” nomli guruh ochilib, u orqali adliya organlari tomonidan qonun hujjatlarining to‘liq matni va qonunchilikdagi yangiliklarni berib borish yo‘lga qo‘yildi.

Bu kabi chora-tadbirlar tufayli ish samaradorligi sezilarli darajada oshdi. Masalan, kelib tushgan har bir qonun hujjati bir kun muddatda rasmiy xat bilan tumandagi barcha tashkilotlarga e-xat, elektron pochta manzili orqali yetib bormoqda. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, joriy yilning 1 yanvaridan 31 mayiga qadar qabul qilingan 503 qonun hujjatining barcha tuman tashkilotlariga yetkazilishi ta’minlandi. Shuningdek, adliya bo‘limlari qonun hujjatlarining ijrochilarga o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlash bilan birga, ushbu masala yuzasidan monitoring o‘tkazishni ham yo‘lga qo‘ygan.

Yuqoridagi kabi amaliy ishlar bilan birga, tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlari tomonidan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini mahallalar va mehnat jamoalarida tegishli soha mutaxassislarini keng jalb qilgan holda targ‘ib qilish yuzasidan 100 dan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil qilindi. Joylarda aniqlangan dolzarb ijtimoiy-huquqiy muammolar inobatga olingan holda qonun hujjatlarining mohiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha viloyat adliya boshqarmasining manzilli targ‘ibot dasturi ishlab chiqildi.

Viloyatdagi tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlari tomonidan 16 idorada huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi. Qonunbuzilishi holatlari sodir etilishining oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tashkilot rahbarlariga 46 ogohnoma kiritildi. 17 tashkilotda yuridik xizmat faoliyati o‘rganilib, aniqlangan 62 qonunbuzilishi holatlari va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rildi.

O‘tkazilgan sayyor qabullarda 145 nafar fuqaroning muammolari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar, tashkilotlarning mas’ul xodimlariga qonun hujjatlarini qo‘llash masalasida maslahatlar berildi.

Xulosa qilib aytganda, farmonda belgilangan vazifalarning tez va aniq bajarilayotgani qabul qilinayotgan qonunlar va normativ hujjatlarning o‘z vaqtida ijrochilarga yetkazilishiga, fuqarolar huquqiy ongi va madaniyatining oshishiga, har bir fuqaroning qonuniy huquqlari samarali himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 677