O‘zA O`zbek

23.08.2018 14:58 Chop etish versiyasi

“Xizmat – beminnat”da tayyorlangan Jalol Abdullayev bir yoʻla 3 ta universitetga oʻqishga kirdi

“Xizmat – beminnat”da tayyorlangan Jalol Abdullayev bir yoʻla 3 ta universitetga oʻqishga kirdi

Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi tashabbusi bilan “Xizmat – beminnat” loyihasi doirasida 18ta bepul oʻquv-kursi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi. 

Bu kurslarda 110 nafardan ortiq uyushmagan yosh oliy taʻlim muassasalariga tayyorlandi, kasb-hunarga yoʻnaltirildi. “Xizmat – beminnat” loyihasi asosida tashkil etilgan kurs tinglovchilaridan biri Jalol Abdullayev birdaniga uchta nufuzli oliy oʻquv yurti – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha hamda Turin politexnika universitetlari kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, talaba boʻlish huquqini qoʻlga kiritdi. 

– Avvaliga omadning koʻplashib kelgani ishonmadim, – deydi J. Abdullayev. – Uchala oliy taʻlim muassasasidan qaysi birida oʻqisam ekan, degan savol boʻyicha bir toʻxtamga kelish qiyin boʻldi. Bu boradagi javobni oshkor etishni biroz ortga surmoqchiman. Ushbu loyihani amalga oshirib, men kabi koʻplab yoshlarga beminnat yordam bergani uchun Milliy tiklanish demokratik partiyasidan, “Xizmat – beminnat” oʻquv kursidagi jonkuyar ustozlarimdan minnatdorman.

“Xizmat – beminnat” oʻquv kurslarini tashkil etishdan koʻzlangan maqsad mahallalardagi uyushmagan yoshlarni taʻlim va kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, bilimga chanqoq, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, yoshlarning chet tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishlarini ragʻbatlantirishdan iborat edi.

Loyiha doirasida tashkil etilgan yoshlarni oliy taʻlim muassasalariga kirishga tayyorlash kurslarining faoliyati samarali boʻldi. Bu kurslarda imtihonlarga tayyorlangan yoshlardan 14 nafari davlat granti asosida, 8 nafari toʻlov kontrakti asosida turli oliy taʻlim muassasalariga oʻqishga kirdi.

Toshqul Beknazarov, OʻzA
1 422