Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 20:10 Chop etish versiyasi

Xivada xalqaro konferensiya ish boshladi

Xivada xalqaro konferensiya ish boshladi Xorazm Ma’mun akademiyasida “Kondensirlangan muhitlar fizikasining yangi yutuqlari: Kvant transporti, topologik effektlar va past o‘lchamli tizimlarda energiyani boshqa turga aylantirish” mavzusida xalqaro konferensiya ish boshladi.

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Urganch davlat universiteti va Xorazm Ma’mun akademiyasi hamkorligida o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanda AQSh, Germaniya, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Rossiya kabi 20 dan ortiq davlatdan 50 dan ziyod olim ishtirok etmoqda.

Konferensiyada zamonaviy kondensirlangan muhitlar fizikasi sohasi muammolari va uning istiqbollari, soha yutuqlarini ilg‘or innovatsion materiallar yaratish, resurs tejamkor texnologiyalar va muqobil energetika sohalarida qo‘llash masalalari muhokama qilinadi.

– Kondensirlangan muhitlar fizikasi – zamonaviy fizikaning bo‘limi bo‘lib, moddaning qattiq va suyuq holati xossalarini, ular asosida elektronni, optika, mexanika va turli texnologiyalar uchun materiallar va uskunalar yaratish imkoniyatlarini o‘rganadi, – deydi fizika-matematika fanlari doktori, professor Davron Matrasulov. – Anjumanda resurs tejamkor materiallar, yuqori samaradorlikka ega uchinchi avlod quyosh elementlari, muqobil energetika uchun istiqbolli materiallar, nanoelektronika, kvant informatikasi hamda zamonaviy nanotexnologiyalarning turli masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

11.jpg

Konferensiya ishiga kondensirlangan muhitlar fizikasi, materialshunoslik hamda muqobil energetikaning dolzarb muammolari bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etilmoqda. Ishtirokchilar yuksak darajada tashkil etilgan konferensiya ilm-fanni rivojlantirish yo‘lidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Konferensiyada "Signallardagi fluktuatsiya" deb nomlangan ma’ruzam bilan ishtirok etmoqdaman. Unda fluktuatsiyaning texnologiyalar, tibbiyot, seysmologiya va boshqa sohalardagi roli haqida so‘z yuritiladi. Bu turli davlatlardan kelgan olimlarda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi Turin politexnika universiteti professori Anna Karbone (Italiya). – O‘zbekistonga uchinchi bor kelishim. Toshkent va Samarqand shaharlari menda katta taassurot qoldirgan. Endi esa qadimiy Xivada bo‘lib turganimdan xursandman. Ertakmonand shahar menga juda yoqdi. Tarixingiz haqida umumiy ma’lumotga egaman, lekin bu yerga kelib, tasavvurlarim ko‘rganlarim oldida ancha g‘arib ekanini tushundim.

– Konferensiya bahona jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalar yurtiga kelganimdan baxtiyorman, – deydi germaniyalik olim Reynxold Egger. – Ushbu anjumannning Ma’mun akademiyasida o‘tkazilishida ham chuqur ma’no bor. Kondensirlangan muhitlar fizikasi sohasining bosh masalasi organik materiallar va uglevod nanozarralari asosida quyosh elementlarini yaratishdan iborat. O‘ylaymanki, mamlakatingizda arzonligidan tashqari, yuqori darajadagi yengillik, ixchamlik, egiluvchanlik va ekologik xavfsizlikka ega bo‘lgan quyosh elementlarini yaratish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. O‘zbekiston olimlarining salohiyati ham yetarli.

Xalqaro konferensiya 28-sentabrgacha davom etadi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA
841






Все о погоде - Pogoda.uz