O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Xiva shahrida chet ellik va mahalliy sayyohlar uchun yana bir qulaylik yaratildi

Xiva shahrida chet ellik va mahalliy sayyohlar uchun yana bir qulaylik yaratildi

Xorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tomonidan turizm namoyishi va infratuzilmasi ob’ektlari hududida chet el va mahalliy sayyohlar xavfsizligini ta’minlash bilan birga ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha yaratilgan qulayliklardan yana biri bu, Xorazm viloyatiga kelgan chet el va mahalliy sayyohlar Xiva shahridagi “Ichan qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi hududida faoliyat olib borayotgan Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari hamda ular joylashgan manzilni hech qanday qiyinchiliklarsiz internet tarmog‘i orqali topib borish imkoniyatiga ega bo‘lishganligidir.

Bunday imkoniyatga Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining majmua hududida joylashgan manzili, telefon raqamlari, rasmiy sayti va ish vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni internet tarmog‘ining “Google Maps” elektron xaritalar tizimiga kiritilishi bilan erishildi.

Endilikda, Xiva shahriga kelgan chet el va mahalliy sayyohlar Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlarini bevosita, ya’ni, gid-tarjimonlar va mahalliy aholi yordamisiz internet tarmog‘idagi “Google Maps” elektron xaritasidagi ma’lumotlar yordamida topishlari va murojaat qilishlari mumkin.

Bundan ko‘zlangan maqsad chet el va mahalliy sayyohlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga kirishish orqali yordamga muhtoj sayyohlarga tezkorlik bilan amaliy yordam ko‘rsatishni ta’minlash va bu orqali ularda yurtimiz to‘g‘risida ijobiy fikrlar shakllantirishga erishishdir.

M.Xudayberganov,
Xorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni 
ta’minlash boshqarmasi xodimi

1 301
O‘zA