O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Xiva – 2020 yilda turk dunyosi madaniyati poytaxti

Xiva – 2020 yilda turk dunyosi madaniyati poytaxti

Joriy yilning 30 noyabr kuni Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY doimiy kengashining 37-majlisida 2020 yilda Xiva shahri turk dunyosining madaniy poytaxti, deb e’lon qilindi.

Xiva shahriga bu maqomni berish taklifi 2018 yil sentabr oyida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VI sammitida bildirilgan edi.

Joriy yil 14 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. 15 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VII sammitida ishtirok etib, 2020 yilda Xiva shahri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti“ deb e’lon qilinishi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga, abadiy do‘stligimizni mustahkamlashga katta hissa qo‘shishini ta’kidlagan edi.

Rivoyat qilishlaricha...

Xiva nafaqat yurtimizdagi, balki Yer yuzidagi eng qadimiy shaharlardan biri sanaladi. Xorazm zaminining durdonasi sanalgan Xiva o‘z tarixi davomida ne-ne bosqinlarni, istilolarni ko‘rmadi. Jahonni zir titratgan fotihlardan nom-nishon qolmadi. Ammo, Xiva hamon go‘zal va navqiron.

Ma’lumki, 1997 yilda YuNESKO bilan hamkorlikda Xiva shahrining 2700 yilligi keng nishonlangan edi. Ayni paytda Xiva yurtimizning turistik salohiyati tobora ortib borayotgan ko‘hna va navqiron shaharlaridan biri sanaladi.

Ikki yarim asrdan ziyod tarixga ega bo‘lgan bu qadimiy shahar bir qancha tarixiy voqealar, bosqinlar, qirg‘inlarning guvohi bo‘lgan. 1598 yildan to 1920 yilgacha Xiva xonligining, bir muddat Xorazm Xalq Sovet Respublikasining poytaxti bo‘lib kelgan shaharning birgina Ichan-qal’a me’moriy obidasi o‘nlab tarixiy obidalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, Muhammad Aminxon, Qutlug‘murod inoq madrasalari, Islomxo‘ja minorasi, Kaltaminor, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Toshhovli singari obidalar Xorazm me’morchilik maktabining o‘ziga xos namunalari sanaladi.

Xiva shahrining bunyod qilinishi to‘g‘risida ham bir qancha afsonalar to‘qilgan. Ulardan birida aytilishicha, uning yoshi Nuh payg‘ambar to‘foni bilan teng emish. Yaratganning amri bilan qirq kun yoqqan yomg‘irdan yer yuzini suv bosadi. Kemaga chiqib olgan odamlar va jonzotlar suvda uzoq suzishadi. Bir kuni ular uzoqdan baland bir tepalikni ko‘rishadi. Bu yerga kelgach, Nuh payg‘ambar kemadan tushib, shu yerda qoladi va o‘g‘li Somga yana suzishni buyuradi.

Som kemada bir necha kun suzgandan keyin, quruq yerni topish uchun qushlarni uchirib ko‘radi. Lekin hech quruqlik ko‘rinmasdi. Bir kun Com Oqqush bilan Kabutarni uchiradi. Ular uzoq uchib quruq yerni topishadi, shunda Oqqush sevinganidan “quvoq, quvoq!” deb ovoz beradi, Kabutar esa qanot qoqadi. Bu ovozni eshitgan Som kemani shu tomonga haydaydi va quruqlikka chiqishadi. Bu joyni u haqda ilk bor xabar bergan Oqqushning “Quvoq! Quvoq!” degan qichqirig‘i bilan atashadi. Keyinchalik bu so‘z “Xivaq” so‘ziga aylangan ekan.

Lazzatli buloq suvi

Shaharning bunyod qilinishi to‘g‘risida xivalik Xudoyberdi Qo‘shmuhammad o‘g‘li o‘zining 1831 yilda yozilgan “Dili g‘aroyib” asarida ham qiziqarli ma’lumotlar beradi. Uning yozishicha, qadimda Xorazmning 4-5 tadan darvozasi bo‘lgan shaharlari ko‘p ekan. Ulardan biri Jurjoniya, biri Urganch, yana bittasi Ramul.

“Ramul Som ibn Nuh tomonidan otasining kemasiga o‘xshatib qurilgan, deb yozadi, tarixchi Xudoyberdi, – hozir u Xivaq nomi bilan mashhurdir. Avvalgi nomi Ramul – qumloq ekan. Som bir kuni ovdan keyin baland bir qirning ustida yotib uxlaydi va tush ko‘radi. Tushida o‘zining atrofida uch yuzta mash’ala yonib turganini ko‘radi. Uyg‘onib qarasa, mash’alalardan nishona ham yo‘q, atrofi faqat qumdan iborat. Ko‘rgan tushidan vaqti xush bo‘lib, bu joyni belgilab qo‘yadi va ikkinchi marta kelganida bu yerda qal’a devorini qurdiradi. Qal’aning kun botish tarafida bir chashma qazdirib suv chiqaradi. Ba’zilar ana shu quduqning nomini Xivaq deb atashgan”.

Shu quduqning suvini ichganlar lazzatlanib, “evoh”, “xe-voh” deb xitob qilishgan. Xivaning nomlanishi ham ana shu xitobdan kelib chiqqan degan rivoyatlar bor.

Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, Somning tushiga otasi Nuh (a.s.) kirib, shu uxlab yotgan yerida bir qal’a qurishni buyuradi va “qal’aning shaklini mening kemamga o‘xshatib qurgin”, deydi. Shunda Som otasiga “kema shaklidagi shahar ham, kemadek chayqalib turuvchi bo‘ladi-ku”, deganida, otasi unga, “biz uning o‘rtasiga langar tashlaymiz”, deb javob beradi. Shundan keyin Som bu joyda otasi Nuhning kemasiga o‘xshatib qal’a barpo qiladi. Ya’ni, shaharning tarhini chizib, qurgan kishi Nuh alayhissalomning o‘g‘li Som bo‘lgan.

Xivaliklar Pahlavon Mahmud maqbarasini Nuh payg‘ambari tomonidan shaharning o‘rtasiga tashlangan langar deb hisoblaydilar. Shuning uchun ham maqbara katta peshtog‘ining o‘ng qanotidagi koshin naqshlarga kema tasviri tushirilgan. Toki bu maqbara bor ekan, Xiva shahri tinch turadi, degan qarash mavjud.

Xiva haqidagi ma’lumotlar keyingi ming yillikning ko‘plab tarixiy manbalarida uchraydi. Bir qator arab manbalarida Xiva qal’asi Amudaryodan ajralib chiqqan Xeyvanik (Xeykonik) kanali bo‘yida qurilgan shahar ekani aytiladi. Shahar nomi ham ana shu kanalning atalishidan kelib chiqqan degan taxminlar bor. Akademik Yahyo G‘ulomovning ko‘rsatishicha, X asr arab olimi Istahriy “Xiva kanalidan Xivagacha kemalar qatnagan” deb yozgan. Yahyo G‘ulomov Xorazmning hokimi Qutlug‘ Temurning 1349 yilda Shayx Sulaymon Haddodiy maqbarasiga qilgan vaqf hujjatida Xeykonik nomi birinchi marta uchrashini aytadi. Uning fikricha Xeyvanik, Xeykonik so‘zining buzib aytilgan shakli bo‘lsa kerak. Bu kanal keyinchalik Pahlavon yopi (arig‘i) nomini olgan.

Albatta bular afsona bo‘lsa-da, uning ichida ham haqiqat uchqunlari yotganligini unutmaslik kerak.

Darhaqiqat, bugungi kunda Xiva Sharqning sayyohlar e’tiboridagi eng qadimiy shaharlardan biriga aylanib bormoqda. 2020 yilda shaharning turk dunyosi madaniyati poytaxti, deb e’lon qilinishi bu go‘zal shahar dovrug‘ini dunyo miqyosida oshirishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, ma’lum bir yilda turkiy tilli davlatlar va muxtor o‘lkalardagi shaharlardan birini turk dunyosi madaniyati poytaxti, deb e’lon qilish an’anasiga 2010 yilda Turkiy tilli davlat rahbarlari sammitida asos solingan. Ayni paytga qadar Nur-Sulton (Qozog‘iston, 2012), Eskishehir (Turkiya, 2013), Qozon (Rossiya, 2014), Marv (Turkmaniston, 2015), Sheki (Ozarbayjon, 2016), Turkiston (Qozog‘iston, 2017), Kastamonu (Turkiya, 2018), O‘sh (Qirg‘iziston, 2019) singari shaharlar ana shu nomga sazovor bo‘lgan.

5 207
Komiljon XUDOYBERGANOV, Rustam JABBOROV, O‘zA