O‘zA O`zbek

10.09.2018 19:16 Chop etish versiyasi

Xitoyga sayohat: Jurnalistlar uchun tashkil etilgan seminarda OAV vakillari yoʻq!

Xitoyga sayohat: Jurnalistlar uchun tashkil etilgan seminarda OAV vakillari yoʻq! Ayni kunlarda Xitoyda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) davlatlaridagi muhim OAVlarining xalqaro boʻlimlari masʼullari uchun seminar oʻtkazilmoqda. Unda Oʻzbekistondan ham 14 vakil qatnashmoqda. Obbo, endi barcha OAV, saytlar, ijtimoiy tarmoqlar Xitoy haqidagi maʼlumotlar-u maqolalarga toʻlib ketarkan-da, deysizmi? Aslo! Nima uchunligini esa maqolamizdan bilib olasiz.

Men Xitoyga Innovatsiya vazirligining matbuot xizmati rahbari sifatida “Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) davlatlaridagi muhim OAVlarining xalqaro boʻlimi masʼullari uchun seminar” deb ataladigan tadbirga keldim.

Xitoyga uchishimdan bir kun oldin Xitoy Tijorat vazirligining Toshkentdagi kanselyariyasidan hujjatlarimni olarkanman, Chinga bir oʻzim uchishim maʼlum boʻldi. Vazirligimizga yuborilgan xatda 6 ta tashkilotning nomi ham koʻrsatilgani uchun biroz taajjublandim, ammo na iloj? Pasportimni olib chiqib bergan yigit bu tashkilotlarning xodimlari hujjat tayyorlashga ulgurmagandir dedi, Pekinda kutib olgan tarjimon qiz – Gelya, seminar dasturini berarkan, ochilish marosimida soʻzga chiqishim kerakligini aytdi.

Ertasiga chiqish qilib, yurtimizdagi oʻzgarishlar haqida ham gapirdim. Ommaviy axborot vositalariga koʻrsatilayotgan alohida eʼtibor, yurtimizda yuz berayotgan islohotlar tufayli jurnalistlarga avvallari yoritish mumkin boʻlmagan muammolarini koʻtarish imkoniyatiga ega boʻlganini aytdim. Oʻz navbatida mamlakatimizda mana shu muammolarni hal qilish uchun keng koʻlamli ishlar olib borilayotganiga ham alohida urgʻu berdim.

Soʻng seminarning boshqa davlatlardan kelgan ishtirokchilari ham oʻzlarini tanishtirdi. Ularning bari yetakchi jurnalistlar, axborot agentliklari, telekanallar boshliqlari va davlat organlarining matbuot xizmatlari rahbarlari ekanligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, Gelya yaqin kunlarda Oʻzbekistondan yana 13 kishi yetib kelishini aytdi.

Endi seminar dasturi va yaratilgan sharoitlar haqida. Seminar 1 sentyabr kuni boshlanib, 20 sentyabrgacha davom etadi. Shanba va yakshanba kunlari Xitoy universitetlarining professor-oʻqituvchilari tushlikkacha bir mavzuda, tushlikdan keyin ikkinchi mavzuda maʼruza oʻqishadi. Qolgan kunlari bizni turli OAV tahririyatlari, tashkilotlar, muzeylar, zavodlarga olib boradi. Bugunga qadar Xalqaro Xitoy radiosi, Pekindagi SHHT kotibiyati, Pekin shaharsozlik idorasining koʻrgazma zali, “Sinxua” axborot agentligi, Xitoy Markaziy televideniyesi, Xitoy ilm-fan va texnika muzeyi, avtomobil ishlab chiqaradigan “Beijing Motor Co., Ltd” kompaniyasiga bordik. Shuningdek, Buyuk Xitoy devorini koʻrish baxtiga ham muyassar boʻldik.

China Pictorial, “Sinxua”, radio va televideniye tahririyatlarida davra suhbatlari oʻtkazilib, qiziqarli muloqotlar boʻldi, turli savollariga javob oldik. Ular bilan hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash haqida fikrlar bildirildi.

Seminar yuqori saviyada tashkil etilgan. Pekinning markazidagi mehmonxonaga joylashganmiz. Har bir seminar ishtirokchisini avtomobilda kutib olinishi, barcha sharoitlarga ega mehmonxonaning alohida nomerlarda yashashimiz, uch mahal ovqatlanishimizu, kunda-kunora restoranlarga borshimiz, Xitoyga borib-kelish chiptalarimiz, ekskursiyalar, seminar davomida kutilmagan kasalliklar uchun tibbiy toʻlovlarning hammasini Xitoy tomoni qoplagan. Buning ustiga har bir ishtirokchiga kunlik pul ham berildi. 13 sentyabrdan esa Xitoyning janubida joylashgan Guansi-Chjuan avtonom rayonidagi bir nechta shaharlarga borishimiz rejalashtirilgan.

Endi shuncha sharoit yaratilgandan keyin Oʻzbekistondan borgan 14 ishtirokchi saytlaru, ijtimoiy tarmoqlarni, gazeta-yu jurnallarni, televideniye-yu radioni Xitoy haqidagi maʼlumotlar bilan toʻldirib yuboradi, deb oʻylayotgandirsiz! Aslo! Unday boʻlmaydi! Nima uchun, deysizmi? Chunki bu yerga kelgan oʻzbekistonliklar ichida jurnalistlar soni ikki-uch kishigina xolos. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasidan bitta xodim, Sirdaryo televideniyesidan bitta operator yigit hamda seminar boshlanganidan keyin bir hafta oʻtib Pekinga kelgan “Fargʻona haqiqati” gazetasining yana bir xodimi va jurnalistika fakultetining bitta talabasidan boshqa birorta bizning sohaga hech boʻlmasa birozgina daxldor vakil yoʻq! Kimligi

noaniq 9 ishtirokchi! Ular mening jurnalistligimni bilishgach, qayerdan keldingiz, degan savolimga “biz ham jurnalistmiz” deya gap boshlashadi, redaktorini, nashrining adadini soʻraganimdan soʻng ularning hech qanaqa jurnalist emasligi aniq boʻladi-qoʻyadi. Qanday qilib kelib qoldinglar bu seminarga, degan savolga biri mujmalroq javob bersa, boshqalari “biror ish qilib, qotirib qoʻymaganimizda bu yerga bizni joʻnatishmagan boʻlardi” deb oʻdagʻaylashadi ham. Uchrashuvlarda ular qabul qiluvchi tomonga na biror mavzu boʻyicha savol bera olishadi, na savollarga javob. Xitoyga sayohatimiz qanchalik zoʻr tashkil etilgan boʻlmasin, hamrohlarimning saviyasidan portlab ketay deyapman, desam hech narsa demagan boʻlaman.

Nahotki, Oʻzbekistonda shunday nufuzli tadbirga joʻnatish uchun arziydigan jurnalistlar topilmagan boʻlsa? Bu savol meni mendan keyin kelgan birinchi uchta ishtirokchilar bilan tanishganimdan beri qiynaydi. Aytgancha, aynan mana shu uch nafari menga ham, tarjimonimiz Gelyaga ham oʻzlarini tadbirkormiz deb tanishtirdi. Menga nomaʼlum, oʻzlari ham nomini tilga olmagan Xitoy korxonasining mahsulotlarini sotish bilan shugʻullanisharkan. Ammo kelishgan kunining ertasigayoq, ularni joʻnatgan odamlar bilan aloqaga chiqishgach, bir aylanib “jurnalist” boʻlib olishdi. Qolganlari esa ogohlantirilgani uchun tarjimonimizga oʻzlarini jurnalistmiz, deb tanishtiribdi. Biroq har safar ularga bergan ikkinchi savolimdayoq unday emasligi kunday ravshan boʻladi-yu, mening yuragim qop-qora boʻladi.

Nazarimda, shu safarlarga joʻnatishga masʼul shaxslar barcha xarajatlar hamkor tomonidan toʻlanayotgani bois masʼuliyatni ham, javobgarlikni ham his qilmaslik yoʻliga oʻtib olgan. Tekin boʻlsa, urib qol naqliga amal qilishyapti. Mazkur seminarlar yurtimizga qilinayotgan investitsiya, bu ham pul va uning uvoli bor, degan gaplar ularning xayoliga ham kelmaydi. Balki seminarga kelganlarning har biri alohida xizmatlari uchun katta qoʻllovlarga loyiqdir (bunisi menga endi qorongʻu), zoʻr tadbirkorlardir, lekin ular uchun alohida boshqa seminarlar tashkil qilinsa va ular oʻsha yerda ishtirok etsa, oʻzlariga ham, yurtimizga ham koʻproq foyda boʻlardi.

Nazokat Azim Abduqunduzova,
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi

2 456