O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Xitoyga mosh eksport qiluvchi sub’ektlar soni ko‘paydi

Xitoyga mosh eksport qiluvchi sub’ektlar soni ko‘paydi

Ma’lumki, O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan mosh uchun qo‘yilgan fitosanitar talablar bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida imzolangan bayonnomaga muvofiq, Xitoy tomoni talabiga binoan har yili mosh eksport qilish mavsumi boshlanishi oldidan eksport qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlarining reestri tuzib borilishi lozim. Ushbu talabga muvofiq tuzilgan reestrda shu paytga qadar 33 ta korxona joy olgan edi.

Joriy yilda Xitoy tomoni va “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi hamkorligida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ushbu reestrdan o‘rin olgan 5 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, ya’ni “Turkiston Mirishkorlari” (Toshkent v.), “Alimardon Agro” (Farg‘ona v.), “Buxara Agro Prom Invest” (Buxoro v.), “Surxon Eksport Savdo” (Surxondaryo v.), “Uzun Mevasabzavot Xolodilnik” (Surxondaryo v.) mas’uliyati cheklangan jamiyatlari mahsulotlari xitoyliklarning fitosanitar talablariga javob bermasligi aniqlanib, ular yuqoridagi reestrdan chiqarildi.

Shuningdek, ikki davlat karantin xizmatlari mutaxassislari tomonidan navbatdagi eksport mavsumi uchun o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida yangi 10 ta tadbirkorlik sub’ektlari, xususan, “Ace Global” (Toshkent sh.), “Royal Agro Star Trading” (Toshkent sh.), “New Way Industries” (Toshkent v.), “Namangan Logistik Trans” (Namangan v.), “Siyob Shavkat Orzu” (Samarqand v), “Agro Gumush Jomboy” (Samarqand v), “Shodiyonabegim” (Samarqand v), “Long Jiang” (Samarqand v), “Oqoltin Golden Fruits” (Sirdaryo v)¸ “Agroport” (Jizzax v.) mas’uliyati cheklangan jamiyatlari Xitoy tomoni qo‘ygan fitosanitar talablarga mos deb topilib, ushbu davlatga mosh eksport qilish imkoniyatini beruvchi reestrga kiritildi.

Shunga ko‘ra O‘zbekistondan Xitoyga mosh eksport qilishi mumkin bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari reestrida korxonalar soni jami 38 ta yetdi.

“O‘zdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmati 

2 952
O‘zA