Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.07.2018 16:53 Chop etish versiyasi

Xitoy Xalqaro Import EKSPO-18 ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakillari ishtirok etadi

Xitoy Xalqaro Import EKSPO-18 ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakillari ishtirok etadi Joriy yilning 5-11 noyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining moliyaviy markazi – Shanxayda XITOY XALQARO IMPORT EKSPO ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Nufuzli tadbir o‘tkazilishi munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Szin Yuylun xonim bir guruh jurnalistlar bilan uchrashib, Xitoydagi yilning eng yirik tadbirlaridan hisoblanmish ana shu ko‘rgazma haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uning ta’kidlashicha, Xitoy tijorat vazirligi, Jahon savdo tashkiloti, BMTning Savdo va rivojlanish konferensiyasi, BMT sanoatni rivojlantirish tashkiloti – YUNIDO Xalqaro Import EKSPOsini o‘tkazishga bosh-qosh bo‘ladi. Uchta bo‘lim – davlat pavilonlari, tijoriy ko‘rgazma va yuqori darajadagi forumdan iborat ko‘rgazma uchun 200 ming kvadrat metrdan ortiq maydon ajratilgan. Yuylun xonimning aytishicha, EKSPO ko‘rgazmaga kurrai zamindagi 150 dan ortiq kompaniya vakillarining tashrif buyurishi kutilmoqda.

Shanxayda o‘tkazilajak EKSPO-2018 birinchi navbatda butun dunyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, jahon iqtisodiyoti va savdo sohasini takomillashtirish, jahon iqtisodiyoti rivoji shaffofligini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

XXR Raisi Si Szinpin o‘tgan yili poytaxt Pekinda bo‘lib o‘tgan “Bir makon – bir yo‘l” sammitida aynan shu ko‘rgazmani o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi. Xitoy rahbarining ushbu tashabbusini ko‘plab davlat yetakchilari, shu jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qo‘llab-quvvatladi.

Savdo-sanoat palatasi O‘zbekistondagi korxonalarni mazkur tadbirda qatnashishlarini ta’minlaydi. Yaqinda, aniqrog‘i, may oyi oxirlarida O‘zbekistondan ishchi guruh Xitoyga borib, ko‘rgazmaga tayyorgarlik jarayoni bilan yaqindan tanishib qaytdi. Hozirga qadar O‘zbekistondan to‘rtta korxona ko‘rgazmada qatnashish istagini bildirgan.

“Biz yurtingizdan yanada ko‘p firma va kompaniyalarning qatnashishini istaymiz”, dedi Szin Yuylun.

O‘zA
2 836