O‘zA O`zbek

25.03.2020 Chop etish versiyasi

Xitoy qanday qilib koronavirusni yengmoqda?

Xitoy qanday qilib koronavirusni yengmoqda?

Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim Chin mamlakati qaysi usul bilan dahshatli infeksiyaning tarqalish yoʻllarini toʻsgani, epidemiyaga qarshi samarali kurashishdagi asosiy omillar haqida soʻzlab berdi:

– Biz juda koʻp gapiramiz: sarosima virusdan ham xavfli. Xitoy tajribasi ham koronavirus tufayli yuzaga chiqqan xastalikni nazorat qilish va davolash mumkinligini koʻrsatdi. Xitoyda 70 mingdan ziyod ushbu xastalik alomatlari aniqlangan kishilar davolanib uylariga qaytdi. Bu natijaga shunchaki erishilgani yoʻq. Uning zamirida juda ogʻir va mashaqqatli mehnat yotibdi. Epidemiya tarqalishining oldini olishdagi hal qiluvchi omillar sifatida men quyidagilarni koʻrsatgan boʻlardim:

Birinchi omil, bu – XXR Raisi Si Szinpin boshchiligidagi Xitoy kommunistik partiyasi markaziy qoʻmitasining qatʼiy rahbarligi. Mamlakat yetakchisi xalq salomatligini birinchi oʻringa qoʻygan holda, profilaktika va epidemiya ustidan nazorat oʻrnatishga juda katta eʼtibor qaratdi va bu jarayonni shaxsan nazorat qildi. Ayni harakat xalqning epidemiya ustidan gʻalaba qozonishga nisbatan ishonchini mustahkamladi.

Ikkinchi omil – hamjihatlik. Tahlikali vaziyat qarshisida butun mamlakat va xalq birlashdi. Xitoyning barcha hududlaridan “Oq libosli farishtalar”,dori vositalari va eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari Uxanga joʻnatildi. Shahar aholisi, oʻz navbatida, virus tarqalishining oldini olish maqsadida ikki oydan ziyod vaqt umuman uydan chiqmadi.

Uchinchi omil – epidemiyaga qarshi samarali choralar. Epidemiya paydo boʻlishi bilan butun mamlakat boʻylab tibbiyot sohasida eng yuqori darajadagi favqulodda vaziyatda hushyorlik joriy qilindi va virus profilaktikasi va ixotasi boʻyicha bir qator zarur choralar koʻrildi. Bu iloji boricha infeksiyaning barcha yoʻllarini toʻsish imkonini berdi.

Toʻrtinchi omil, bu – xalqaro darajadagi qoʻllab-quvvatlov. Hal qiluvchi vaziyatda biz 70 dan ziyod davlatdan, jumladan, doʻst Oʻzbekistondan ham insonparvarlik yordamini qabul qilib oldik.

Epidemiyani profilaktika qilish va ixotalashda Xitoy qanday tajribaga ega boʻldi? Taniqli epidemiolog Chjun Nanshanning fikricha, eng avvalo zudlik bilan eng koʻp kasallik aniqlangan hududlarni yopish, kasallikni barvaqt aniqlash, tashxis qoʻyish va karantinga olish maqsadida mamlakatning barcha mintaqalari ishtirokida hamkorlikdagi profilaktika va nazorat mexanizmini yoʻlga qoʻyish kerak. Ommaviy tadbirlarni qisqartirish va har bir fuqaroni muhofaza qilish juda muhim. Eng samarali choralardan biri kishilarni uylaridan chiqmaslikka, gigiyena meʼyorlariga qatʼiy rioya qilishga, lozim boʻlganda darhol shifokorga murojaat qilishga chaqirishdir.

Virus chegara bilmaydi. Xitoy epidemiya paydo boʻlgan birinchi kunlardanoq xalqaro hamkorlikni faollashtirdi, qisqa muddatda koronavirusning genetik kelib chiqish yoʻllarini topdi va bundan darhol jahon hamjamiyatini xabardor qildi. Ayni qaror boshqa davlatlar uchun oʻz saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirishda muhim vosita boʻlib xizmat qildi.

JSST rahbari Tedros Gebreyesus taʼkidlaganidek, Xitoy butun dunyo uchun vaqtdan yutdi. XXR muntazam ravishda mamlakatdagi epidemiologik vaziyat toʻgʻrisida xabar tarqatmoqda, boshqa davlatlar bilan izchil aloqalarni, muvofiqlashtiruvchi harakatlarni ushlab turibdi.

Epidemiya yer yuzi boʻylab tarqalishda davom etayotgan bir paytda, Xitoy koronavirus pandemiyasidan aziyat chekayotgan mamlakatlar va mintaqalarga har tomonlama koʻmak beryapti. Biz “Yangi tipdagi koronavirus tufayli paydo boʻlgan pnevmoniyani tashxislash va davolash toʻgʻrisidagi protokol” hamda “Sayohatchilar uchun profilaktika va epidemiyaga qarshi kurash boʻyicha tavsiyalar”ni ishlab chiqdik va tarqatdik. Dahshatli virus bilan kurashda orttirilgan tajribamizni videokonferensiya orqali oʻnlab davlatlarga yetkazdik. Ehtiyojmand mamlakatlarga ijtimoiy yordam yuklari, xitoylik shifokorlardan iborat brigadalar joʻnatildi.

Epidemiya bilan kurash avjiga chiqqan oʻta tahlikali vaziyatda Xitoyga koʻrsatilgan begʻaraz yordam uchun doʻst Oʻzbekiston xalqidan minnatdormiz. Xitoy xalqida shunday bir ibora bor: “Shaftoli berganni olxoʻri bilan siyla”. Endi Oʻzbekistonda mazkur virus bilan kasallanish holatlari kuzatilganda Xitoy ham Oʻzbekistonni epidemiyaga qarshi kurashda har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. 20-mart kuni ikki davlat olimlari, tibbiyot xodimlari ishtirokida telekoʻprik tashkil etilib, mutaxassislar koronavirus pnevmoniyasiga qarshi profilaktika ishlarini olib borish va kurashishga oid batafsil fikrlashdi. Xitoy hukumati yaqin kunlarda Oʻzbekistonga tashxis uchun test tizimi, himoya kiyimlari, koʻzoynaklar va boshqa tibbiy vositalardan iborat beminnat insonparvarlik yordamini joʻnatadi. Xitoy kompaniyalari ham oʻzbekistonlik hamkasblariga insonparvarlik yordami koʻrsatishda davom etyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqiga murojaatida taʼkidlaganidek, biz barchamiz millatimiz, tilimiz, eʼtiqodimizdan qatʼi nazar, jipsmiz va ishonchimiz komilki, bu qiyinchiliklarni albatta yengib oʻtamiz. Qoʻshimcha qilib shuni aytmoqchi edimki, Xitoy va Oʻzbekiston boy tarixiy sivilizatsiyaga ega davlatlar hisoblanadi, xalqlarimizning matonati cheksiz. Qatʼiy aminman, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan tez orada bu kurashda gʻolib chiqamiz va taqdiri yagona insoniylik jamiyatini shakllantirish yoʻlidagi intilishning yorqin namunasini butun dunyoga namoyish etamiz.

Manba: XXRning mamlakatimizdagi elchixonasi rasmiy sayti


966
OʻzA