O‘zA O`zbek

02.08.2018 17:52 Chop etish versiyasi

Xitoy delegatsiyasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga tashrif buyurdi

Xitoy delegatsiyasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga tashrif buyurdi
Toshkentda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi jamoat xavfsizligi universiteti hamkorligida o‘quv kursi ish boshladi.

Mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda IIV akademiyasi rahbariyati, kursantlar, XXR jamoat xavfsizligi delegatsiyasi a’zolari – professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etayapti.

IIV akademiyasi boshlig‘i Bahodir Matlyubov hamda XXR jamoat xavfsizligi universiteti professori Xuang Na mamlakatlarimiz o‘rtasida fan, ta’lim, madaniyat sohalaridagi aloqalar rivojlanib borayotgani, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni ham mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsad qilinganini ta’kidladi.

O‘tgan yili Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda XXR jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida memorandum imzolangan edi. Hujjatda kadrlar almashish, ularni tayyorlash va malakasini oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘zda tutilgan.

Hamkorlik doirasida joriy yilning aprel-may oylarida IIV akademiyasining bir guruh professor-o‘qituvchilari va kursantlari XXR jamoat xavfsizligi universitetida malaka oshirib qaytdi.

Joriy yilning 29-avgustiga qadar IIV akademiyasida bo‘lib o‘tadigan o‘quv kurslari davomida xitoylik mutaxassislar o‘zbek xalqining tarixi, milliy urf-odat va an’analari, davlat boshqaruvi tizimi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishadi, tajriba almashadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
2 818