O‘zA O`zbek

29.08.2018 16:57 Chop etish versiyasi

Xitoy delegatsiyasi Fargʻonada

Xitoy delegatsiyasi Fargʻonada Xitoy Xalq Respublikasining “Umumjahon yoshlarni rivojlantirish forumi" tashkilotining ijrochi prezidenti Si Lyu xonim boshchiligidagi delegatsiya Fargʻona viloyatida boʻldi.

Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasida barcha sohalarda mustahkam hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Yoshlar masalasidagi hamkorlik ham ana shu ishlarning uzviy davomidir. Taʼkidlash joizki, mazkur delegatsiya tashrifi ham Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasining joriy yil 15-22 iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga safarining dastlabki natijalaridan biri boʻldi.

Mehmonlar dastlab Margʻilon shahridagi milliy hunarmandchilik markazida boʻlib, yosh tadbirkor va hunarmandlarning koʻrgazmasi bilan tanishdi. Yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.

– Oʻzbekiston yoshlarining gʻayrat va shijoati menda katta taassurot qoldirdi, – deydi “Umumjahon yoshlarni rivojlantirish forumi“ tashkilotining ijrochi prezidenti Si Lyu. – Ular qoʻli bilan yaratilgan ish namunalarini diqqat bilan kuzatdik. Bu mahsulotlar bizni hayratlantirdi. Yosh hunarmandlar isteʼdodi bizni lol qoldirdi. Albatta, kelgusida barcha sohalardagi hamkorligimiz yanada mustahkamlanib, hududlarda ham doʻstlik aloqalari koʻlamikengayadi.

Delegatsiya aʼzolari Qoʻshtepa tumanidagi “Ismoiljon gilamlari” qoʻshma korxonasida ham boʻldi. Turkiya bilan hamkorlikdagi mazkur qoʻshma korxona bugungi kunda 100 dan ziyod turdagi gilam ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan ipakdan tayyorlangan gilamlar 100 foiz eksport qilinadi. Eʼtiborli jihati, korxona ishchilarining asosiy qismi yoshlardir.

Rishton tumanida boʻlib oʻtgan uchrashuvda kulolchilikning oʻziga xos jihatlari xususida fikr almashildi. Tumanda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqidamaʼlumotberildi. Fargʻona shahrida esa yosh tadbirkorlar uchun mahorat darslari tashkil etildi.

Maʼsudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat) OʻzA
1 011