O‘zA O`zbek

08.08.2018 18:18 Chop etish versiyasi

Xendrik Boyoshoten: “Qissasi Rabg‘uziy” asarini ingliz tiliga tarjima etish ustida ish olib borganman"

Xendrik Boyoshoten: “Qissasi Rabg‘uziy” asarini ingliz tiliga tarjima etish ustida ish olib borganman" Prezidentimizning “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari“ mavzuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrigi anjuman qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi. Tadbirning navbatdagi kunida konferensiya qatnashchilari ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdi.

Xendrik BOYOSHOTЕN, niderlandiyalik olim:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini katta qiziqish bilan tingladik. Unda bugungi adabiy jarayonlarga xolis, teran, chuqur, keng va tahliliy baho berilishi bilan birgalikda o‘zbek adabiyotini jahonga kengroq tanishtirishga oid amaliy yechimlar ham keltirilgani barchaning diqqatini o‘ziga jalb etdi. Tabrikda ayniqsa, “Biz sizlarning har biringizni o‘zbek adabiyoti va madaniyatining mohir bilimdoni va jonkuyar targ‘ibotchisi, O‘zbekistonning chinakam do‘sti, ma’naviyat sohasidagi ishonchli hamkorimiz deb bilamiz va sizlarning olijanob faoliyatingizni yuksak baholaymiz”, degan yuksak e’tirof har bir ishtirokchini qalbini to‘lqinlantirgani, yangi-yangi ijodiy marralarga chorlagani shubhasiz.

“Qissasi Rabg‘uziy“ asarini ingliz tiliga tarjima etish ustida ish olib borganman. O‘zbekistonga 1983 yilda kelgan edim. Shuncha yillar o‘tib yana bu tabarruk diyorga kelishga muvaffaq bo‘ldim. O‘tgan vaqt mobaynidagi o‘zgarishlar haqida so‘zlasam, bir kun ham yetmaydi. O‘zbekiston dadil taraqqiyot yo‘liga kirgan. Ehtimol yurtingizda ro‘y berayotgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar shu zaminda istiqomat etayotgan odamlarga unchalik ham sezilmas, lekin tashqaridan kelgan mehmon yoki sayyohga darhol bilinadi.

Armine MARTIROSYAN, armanistonlik tarjimon:

– Anjuman ishtirokchilariga yo‘llangan tabrik g‘oyat samimiy, chin dildan, adabiyot, tarjima san’atini nozik va teran anglagan tarzda yo‘llangan. Darhaqiqat, O‘zbekiston g‘oyat boy adabiy, ilmiy-ma’rifiy merosga ega. Bularning barini jahonga taqdim etishda esa tarjimon mahorati, mutarjimlik maktabining o‘rni beqiyos.

Konferensiya doirasidagi tadbirlarda O‘zbekistonda ijod ahli uchun yaratilayotgan keng imkoniyat va sharoitlar, yozuvchi va shoirlarning mehnatini qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning adabiyotga bo‘lgan mehr va ehtiromini yanada kuchaytirish, iste’dodlar safini kengaytirish borasidagi ishlar davlat rahbarining doimiy e’tiborida ekanining guvohi bo‘ldik.

Bu konferensiyada “O‘zbek mumtoz adabiyotida ruboiyning roli“ mavzuidagi ma’ruza bilan qatnashdim. Katta va bebaho xazinaga ega bu merosga qiziquvchi olimlar, adabiyotshunoslar, mutarjimlar bilan o‘zaro fikr va tajriba almashish, yurtingizning adabiy jarayoni bilan kengroq tanishish imkoniga ega bo‘lganimdan g‘oyat mamnunman.

Ing Yong O, Janubiy koreyalik olim:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev tabrigida adabiyotning bugungi murakkab globallashuv davrdagi mas’uliyatli, ham ezgu va insonparvar vazifasi xususida atroflicha to‘xtalib o‘tilgani e’tiborga molik.

O‘zbek adabiyotini jahonga kengroq tanitishda tarjima muhim o‘rin egallaydi. Shu ma’noda tabrikda keltirilganidek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida chet ellik adabiyotshunos mutaxassislar ishtirokida O‘zbek adabiyotining xorijiy do‘stlari kengashini tuzish taklifi diqqatga sazovordir.

O‘zbek adabiyotining folklor yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy izlanish olib boraman. Ushbu xalqaro konferensiya o‘zbek milliy adabiyotiga qiziquvchi olimlar, tarjimonlarning kelgusidagi ilmiy izlanishlari uchun yaxshigina manba bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Nazokat Usmonova yozib oldi, O‘zA
1 896