O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

XDP: “O‘zimizni ham, bolalarni ham aldamaylik”

XDP: “O‘zimizni ham, bolalarni ham aldamaylik”

Davlatimiz rahbari ilgari surgan beshta tashabbusni amalga oshirish barkamol avlodni tarbiyalashda juda katta ahamiyatga egaligi haqida uzoq gapirishga hojat yo‘q. 

Sport bilan shug‘ullangan, musiqa va san’atga yaqin, kitobga do‘st, axborot texnologiyalaridan unumli foydalana oladigan yoshlarning avvalo fikri teran, hayotga qarashi to‘g‘ri bo‘lib shakllanadi. Bunday yoshlarda reja, maqsad aniq bo‘ladi, ular hayotda, jamiyatda o‘z yo‘li va o‘rnini topishga qiynalmaydi.

Beshta tashabbusdan ko‘zlangan niyat ezgu, mamlakat miqyosida shu yo‘nalishdagi amaliy ishlar bo‘y cho‘zyapti, sharoit va imkoniyatlardan bolalarning quvonchi ortyapti.

Lekin manzara hamma joyda ham ko‘ngildagidek deya olmaymiz. Markazdan uzoqlashilgani, shaharlardan chiqib qishloq joylarga yaqinlashilgani sari beshta tashabbus ta’sirini sezish qiyinlashadi. Biz buni ochiq aytib, tan olmasak, o‘zimizni, eng yomoni, bolalarimizni aldagan bo‘lamiz.

Masalan, Namangan viloyati Pop tumanida beshta tashabbusning muhim yo‘nalishi – bolalar sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish masalasi hamon oqsayapti.

Bu mavzu haqida gap boshlashdan avval Pop tumanida yaxshi sharoitli, namunali maktablar, fidoyi o‘qituvchilar ko‘pligini aytib o‘tishimiz kerak.

Ammo fakt, real holat shundayki, tumandagi 72 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining 32 tasida, ya’ni 44,4 foizida hali ham sport zali yo‘q.

Xususan, 57-sonli umumta’lim maktabi haqida mulohaza yuritsak. Ushbu maktab 1964 yilda qurilgan bo‘lib, aslida 270 o‘ringa mo‘ljallangan, biroq shu kunlarda maktabda 464 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil olmoqda. Ularga 52 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda.

Maktab direktori Olimjon To‘raqulovning aytishicha, maktab davlat dasturi asosida 2018 yilda ta’mirdan chiqarilgan. Ammo ajratilgan bir milliard so‘m mablag‘ rejalashtirilgan ishlarning ellik foiziga yetgan xolos. Kapital ta’mirlashdan chiqarilganiga endigina bir yil bo‘lgan maktabda sport zali yo‘q, olti yil avval hashar yo‘li bilan qurilgan maydoncha jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun umuman yaroqsiz.

– Sportga mehr qo‘ygan o‘quvchilar oz emas, bir kun maktabda sharoit yaxshilansa, ularning ichidan kamida O‘zbekiston chempionlari chiqishini orzu qilaman, – deydi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Akbarjon Xolmirzaev.

Bugun fan va ta’lim rivojini, o‘quvchilarning ilm olishida axborot texnologiyalarning o‘rni va ahamiyatini izohlashga zarurat yo‘q. Chunki bugun internetsiz fan va ta’lim yangiliklarini o‘rganish, o‘zlashtirishning imkoniyati juda kam. Biroq ushbu maktabda dars mashg‘ulotlarida internet tizimidan foydalanish imkoniyati yo‘q. Maktab hisobida 10 ta soz holatdagi kompyuter mavjud bo‘lib, “kutib turib dars o‘tish navbat”i asosida dars mashg‘ulotlari o‘tiladi.

Shuningdek, maktabda kimyo-biologiya xonasi dars mashg‘ulotlarini davlat ta’lim standartlari asosida o‘tish uchun zarur jihozlar bilan ta’minlanmagan. O‘quvchilarga zarur laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazishga sharoit yaratilmagan bir vaqtda ular qanday orzular haqida o‘ylasin?..

Sinf xonalarining yetishmasligidan to‘garaklarda mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydi, kutubxonaga ikki o‘quvchi kirsa, uchinchisi sig‘may qoladi.

26 yillik ish tajribasiga ega kutubxonachi Asila Bozorovaning aytishicha, mamlakatimizda beshta tashabbus asosida kitobxonlikni kuchaytirish maqsadi ham o‘rin olganidan, sohaga munosabat ortayotganidan qanchalik xursand bo‘lsa, risoladagidek ishlash uchun sharoit ta’mirdan keyin ham yaratib berilmaganidan shunchalik afsusda.

Maktab hovlisida o‘qituvchi onasini kutib turgan 1-sinf o‘quvchisi Abdulaziz Abdurahmonovning dars mashg‘ulotlaridan keyin to‘garaklarga qatnashi so‘ralganda,“darslar tugadi, sport to‘garagimi, musiqa to‘garagimi bo‘lganida hozir maza qilib shug‘ullanayotgan bo‘lardim” degan javobni oldik.

219157 kishi istiqomat qilayotgan tumandagi mavjud 72 ta umumta’lim maktabining 32 tasi o‘z sport zaliga ega emasligidan minglab bolalarning Abdulaziz kabi uylayotgan bo‘lishi juda achinarli holdir.

57-sonli maktab joylashgan “G‘urumsaroy” qishlog‘idagi jami 4 ta maktabning uchtasida alohida sport zali yo‘q. “G‘urumsaroy” tuman markazidan yigirma chaqirib olisda...

Balki markazdagi maktablarda ahvol yaxshiroq, deb o‘ylarsiz. Shunday o‘y bilan tuman markazidagi 40-sonli umumta’lim maktabida bo‘ldik.

Bu maktab 1987 yilda qurilgan, shu yangi o‘quv yilidan “Obod markaz” dasturiga muvofiq ta’mirdan chiqarilgan. Lekin shu maktabda ham sport zali yo‘q. Pedagogik jamoa, faxriy muallimlar o‘zaro maslahatlashib, mazkur masalani hokimiyat va tegishli boshqarmalarga ma’lum qilishgan, ko‘mak so‘rashgan. Biroq natija chiqmagan...

– Agar sharoit yaratilsa, nafaqat o‘quvchilar, biz o‘qituvchilar ham sport bilan shug‘ullanamiz, – deydi maktabning oliy toifali nemis tili fani o‘qituvchisi E’zozxon Turg‘unova.

Bu maktabda ham kutubxona tor, kitobxon o‘quvchilar bilan shug‘ullanish uchun sharoit yo‘q.

Yo‘limiz 4-sonli umumta’lim maktabiga tushdi. 1964 yilda qurilgan bino 1210 o‘quvchini o‘qitishga mo‘ljallangan. Bugungi kunda 818 nafar o‘quvchi ta’lim tarbiya olayotgan mazkur maktabda ikki smenada 67 nafar o‘qituvchi dars mashg‘ulotlari olib bormoqda. 1989 yilda qurilgan ikki qavatli o‘quv binosining yaqiniga yo‘lash xatarli. O‘rta va burchaklaridan yorilgan bino devorlari qulab tushayotgandek.

Gap shundaki, juda og‘ir ahvoldagi bu bino 2005 yil bir milliard so‘m mablag‘ hisobiga ta’mirlangan bo‘lsa-da, bugun avariya holatida. Binodan 5-6 metr narida yana bir o‘quv bino joylashgan, unda 100 nafardan ortiq boshlang‘ich sinf o‘quvchilari dars o‘tishadi. Tanaffus vaqtlari avariya holatidagi binoning yonida bolalar o‘ynashar ekan...

Pop tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida 12 yo‘nalish bo‘yicha 310 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Ularga 48 nafar o‘qituvchi dars beradi. Maktab direktori Ahmadjon Davronovning aytishicha, maktabda qulay sharoit yaratilgan, lekin so‘nggi vaqtlarda bolalarini shu yerda o‘qitish istagini bildirib, murojaat qilayotgan ota-onalar ko‘payibdi. Yangi o‘quvchilar uchun joy yetishmas ekan...

Maktablardagi holatni o‘rganib, ko‘pchilik bilan suhbatlashib, aniq bir xulosaga keldik: ota-onalarda ham, bolalarda ham yaxshi sharoitga, o‘qishga, ilg‘or fikrlashga intilish kuchayibdi. Biz, deputatlar, mutasaddi davlat tashkilotlari rahbarlari bundan xursand bo‘lishimiz, bolalarimizga qo‘ldan kelgancha, imkon yetgancha sharoit yaratishimiz zarur.

Bolalarning o‘qish, sport bilan shug‘ullanish, yaxshi inson bo‘lishga intilish hissi eng qimmatli kuch, fikrni bir joyga qo‘yib, kamchiliklarni tuzatish, sport zallari qurishning imkonini qilsa bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Shuning uchun xalq deputatlari Pop tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi bu masalani atroflicha tahliliy o‘rganib, takliflarni shakllantirish va tuman Kengashi sessiyasi muhokamasiga olib chiqish ustida ishlayapti.

Kuz-qishning yomg‘irli, qorli-qirovli kunlari yaqin, kelgusi yil qish yana keladi. O‘quvchilarga sport zallari kerak, yaxshi sharoit kerak, biz ota-ona bo‘lib, deputat bo‘lib, davlat davlat bo‘lib, buning imkonini topishimiz zarur, deb o‘ylayman.

Abdulmuhammad DO‘SMATOV,
Xalq deputatlari Pop tuman Kengashidagi 
O‘zbekiston XDP guruhi rahbari

684
O‘zA