Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.02.2018 19:40 Chop etish versiyasi

XDP fraksiyasining dolzarb vazifalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda partiya fraksiyasining o‘rni va roli, oldida turgan dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, fraksiya faoliyatining 2018-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ish rejasi ishlab chiqilgan.

2018-yil Davlat dasturidan kelib chiqib qator qonun loyihalarini ishlab chiqish belgilab qo‘yilgan. “Issiqlik ta’minoti to‘g‘risida”gi, “Davlat minimal ijtimoiy standartlari to‘g‘risida”gi, “Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari shular jumlasidan.

Asosiy e’tibor takliflarni joylarda shakllantirishga qaratilishi lozimligi ta’kidlandi. O‘z navbatida, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida faoliyat olib borayotgan ijrochi kotiblar mas’uliyatini oshirish choralari ko‘rilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilish davomida fraksiyaning nazorat-tahlil faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha Davlat dasturidan kelib chiqadigan vazifalar va ularning borishi tahlil qilindi.

– Ish rejada bu yo‘nalish bo‘yicha 8 ta vazifa belgilangan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.Tursunboyev. – Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning ijro etilishini o‘rganish, shuningdek, davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga ajratilayotgan, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar, ta’lim, pensiya, sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘larning samarali ishlatilishi ustidan deputatlik nazoratini olib borish bilan bog‘liq vazifalarni muddatidan kechiktirmasdan bajarish lozim.

Yig‘ilishda bildirilgan taklif va tavsiyalarni so‘zsiz bajarish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
6 751