O‘zA O`zbek

06.03.2018 16:41 Chop etish versiyasi

Xazinani topish usulini bilasizmi?

Tomorqangizda xazina borligini bilasizmi? Uni topish yo‘lini hech o‘ylaganmisiz? Agar shuni istasangiz, Farg‘onaga bir keling. Kaftdek yerdan tilla topib olganlar suhbatida bo‘ling.

Uchko‘prik tumani markazidan 15 chaqirim olisda joylashgan "Tojik" mahalla fuqarolar yig‘inining Mullazoir qishlog‘i aholisi tomorqada sitrus meva – limon yetishtirish borasida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratgan. Hozirgi kunda hududdagi 2 ming 50 xonadonda 8 ming 250 nafar aholi istiqomat qiladi. Qishloq aholisiga tomorqa sifatida ajratilgan 150 gektar yerning 90 foizida issiqxonalar tashkil etilgan.

Qishloqda aholi tomorqalarida limon parvarishlash maqsadida bundan 15-20 yillar oldin tajriba sifatida boshlangan ishlar bugun keng quloch yozdi. Mullazoirda limonchilik jadal rivojlanib, shuning barobarida limon ko‘chatlari yetishtirish, ichki bozorda sotish va xorijga eksport qilish sohasida ulkan yutuqlarga erishilmoqda.

Limonni qish mavsumida ham bir maromda saqlash maqsadida ikki nafar mahalliy tadbirkor tashabbusi bilan 1 ming 700 tonna sig‘imga ega zamonaviy muzlatgichli omborxona barpo etildi. Hozir kuniga 20-30 tonna, bir yilda o‘rtacha 1000 tonnadan ziyod limon Rossiyaning turli hududlariga eksport qilinishi ta’minlanmoqda.

G‘affor Umarov qishloqdagi eng mirishkor oila sohibi, limon yetishtirish borasida katta tajribaga ega usta dehqon hisoblanadi. Hamqishloqlari singari uning xonadonidagi termos usulida isitiladigan 5 sotixli kamxarj issiqxonada yiliga o‘rtacha 2,5-2,8 tonna limon olinadi. Bugun bozordagi eng arzon narxda ham bu 20 million so‘mni tashkil etadi. Bunga qo‘shimcha ravishda G‘affor Umarovning mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan ishlov berish, limon ko‘chatlari yetishtirib sotish bo‘yicha ham qo‘shimcha daromadi bor. Ayni kunlarda ushbu oila a’zolari 50 ming tup limon ko‘chatini sotishga tayyorlab qo‘ygan. Agar ehtiyoj bo‘lsa, G‘affor Umarov ko‘chatni joyiga olib borib ekib berish va dastlabki yillarda belgilangan me’yor bo‘yicha parvarishlash borasida ham amaliy maslahatlarini berib borishi mumkin.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
5 297