O‘zA O`zbek

13.07.2020 Chop etish versiyasi

Xayrullo Bozorov: aholi bandligini taʼminlashda nafaqat son, balki sifatga ham ahamiyat berishimiz zarur

Xayrullo Bozorov: aholi bandligini taʼminlashda nafaqat son, balki sifatga ham ahamiyat berishimiz zarur

Namangan tumani sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda yetakchi tumanlardan biri hisoblanadi. Viloyat markazi bilan chegaradosh mazkur tumanda tabiiy va ijtimoiy resurslar, kommunikatsiya infratuzilmasi jihatidan imkoniyatlar keng.

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi ishchi guruhi pandemiya karantini sharoitida aholining yashash shart-sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar faoliyati barqarorligini taʼminlash maqsadida tumanda boʻldi.

Ishchi guruhi tomonidan avvalo, ijtimoiy muhofazaning muhim omili sifatida yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan dastur va loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi. “Toshbuloqteks” klaster korxonasida loyiha asosida bugungi kungacha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi.

Mazkur korxonada olti gektar maydonda toʻquv fabrikasini barpo etish borasida qurilish-montaj jarayonlari qizgʻin davom etmoqda. Umumiy qiymati 50 milliard soʻmni tashkil etadigan obyektning birinchi bosqichi 2021-yilning dastlabki choragida ishga tushirilishi moʻljallangan va yil oxiriga qadar 300 ta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

photo_2020-07-13_18-55-38.jpg

Hozirgacha loyihada koʻzda tutilgan ish hajmining ellik foizi bajarilgan boʻlib, ayni paytda Xitoydan toʻquv dastgohlarini keltirish masalalari hal etilmoqda.

– Iqtisodiyotni mutlaqo yangi negizda tashkil etish va yana-da erkinlashtirish, uning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiyalash yoʻlida qator qonun, farmon va qarorlar, puxta oʻylangan hududiy dasturlar qabul qilindi va ular hayotga izchil tatbiq etilmoqda, – dedi korxona jamoasi bilan muloqotda viloyat hokimi.

– Oʻz-oʻzidan ayonki biz aholi bandligini taʼminlashni oʻz oldimizga ustuvor vazifa sifatida belgilaganmiz. Bu masalaga nafaqat son, balki sifatga ham alohida ahamiyat berishimiz zarur.

Tumanda faoliyatini boshlaganiga endi ikki oy boʻlgan “Element Paint” masʼuliyati cheklangan jamiyatida qiymati 500 million soʻmlik loyiha asosida trikotaj sexlaridan chiqqan ikkilamchi xomashyo qirqimlarni qayta ishlash hisobiga oʻn yetti rangdagi qurilish-pardozlash mahsulotlari tayyorlanmoqda. Hozircha 30 kishilik mehnat jamoasi tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar ichki bozorni taʼminlash barobarida oʻtgan qisqa davrda qoʻshni davlatlarga ham eksport qilinayotgani diqqatga sazovor. Korxona avgust oyida toʻliq quvvat bilan ishlay boshlasa, ishlab chiqarish va eksport hajmi ham yana ortadi.

photo_2020-07-13_18-55-31.jpg

Shu yerning oʻzida sektor rahbarlari tomonidan tashkil etilgan loyihalar taqdimotida 1-sektordagi 54 ta loyihadan 18 tasi, 2-sektordagi 44 ta loyihaning 10 tasi, 3-sektordagi 44 ta loyihaning 11 tasi, 4-sektordagi 57 ta loyihaning 24 tasi ishga tushirilgani qayd etildi.

Viloyat rahbari loyihalarni koʻzdan kechirish davomida barchasini tezkor, puxta va izchil amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berdi. Loyihalar ijrosini taʼminlashda zanjirdek uzviylik boʻlishi shartligi, kechagi loyihalar bugun hayotga joriy etilishi barobarida ertangi kun uchun ham yangi va istiqbolli loyihalar ustida izlanishni toʻxtatmaslik zarurligi taʼkidlandi.

Viloyat rahbari Chorvoq mahallasida uch gektardan ziyod maydonda issiqxonalar tashkil etish borasidagi ishlarning borishini koʻzdan kechirdi. Ellikta ish oʻrni yaratishni maqsad qilgan tadbirkor K. Rustamov limon, mandarin, apelsin, kunkovit, zaytun, kivi, ananas, banan kabi sitrus mevalar hamda pista koʻchatini yetishtirish uchun uzunligi 70 metr, chuqurligi 3 metr boʻlgan 18 ta issiqxona qurishga 1,5 milliard soʻm sarmoya kiritgan.

Joriy yilda birinchi, 2021-yilda ikkinchi bosqichini ishga tushirib, meva mahsulotlarini sifatli saqlash uchun maxsus muzlatgich ombor tashkil etishni ham rejalashtirgan.

photo_2020-07-13_18-55-27.jpg

Tumanning Sherbuloq dahasidagi foydalanishdan chiqib ketgan 312 gektar qaqroq yerlarni qayta oʻzlashtirish ham koʻplab yangi ish oʻrinlarini yaratish barobarida aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Ayni paytda yersoz va quruvchilar, texnikalar jadal ish olib borayotgan hududda eski nasoslarni qayta taʼmirlab, suv chiqarish orqali har biri toʻrt sotixli 1000 ta issiqxona tashkil etish rejalashtirilgan.

Issiqxonalarni mazkur hududga yaqin Chortoq tumanining Alixon qishlogʻi, Namangan shahri va Namangan tumanidagi kam taʼminlangan oilalarga kooperatsiya asosida subsidiya yoʻli bilan taqsimlab berish, yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun muzlatgichli omborxona tashkil etish, shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish uchun birinchi navbatda ishsizlikni kamaytirish, aholini zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, ularning iqtisodiy va moliyaviy savodxonligini oshirish, ayollar tadbirkorligini ragʻbatlantirish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat hokimi tumandagi fermer xoʻjaliklarida agrotexnik tadbirlarning olib borilishi holati bilan qiziqdi. Xususan, O. Ergashev rahbarligidagi “Gʻofurjon ota OEF” fermer xoʻjaligida 35 gektar maydonda parvarish qilinayotgan gʻoʻzaning maʼlum qismida tajriba tariqasida yangi organik oʻgʻit – “Gomes” sinovdan oʻtkazilmoqda. Ahamiyatlisi, u gʻoʻza koʻchatining suvsizlik va turli kasalliklarga chidamli boʻlishi va hosildorligini oshirishga zamin yaratadi.

Amaliyotga tatbiq etilgan yangi tajriba bilan tanishar ekan, viloyat rahbari tumanda rivojlanishdan ortda qolayotgan 140 gektardan ziyod paxta maydonlarida ham yangi organik oʻgʻitni qoʻllash orqali yuqori hosildorlik yaratish tashabbusini ilgari surdi.

photo_2020-07-13_18-55-34.jpg


3 825
Akramjon SATTOROV, Hotamjon MAMADALIYEV (surat), OʻzA