Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.08.2018 15:38 Chop etish versiyasi

Xayrli ishlar hosilasi

Xayrli ishlar hosilasi
Prezidentimizning nutq va ma’ruzalarini, joylardagi uchrashuvlarini ekranlarda ko‘rib, matbuotda o‘qib kelaman.

Bir yil oldin ijodkorlar bilan muloqotini bevosita muhtasham zallarda kuzatishga musharraf bo‘ldim. Bunday yig‘inlar ko‘lami, qamrovi, ochiq-oshkoraligi, tabiiy va samimiyligi, ko‘p jihatlari bilan o‘zgachaligiga, katta ahamiyat kasb etishiga, ta’sir kuchi zo‘rligiga ishonch hosil qildim.

2017-yil 3-avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishga ilm-fan, matbuot, adabiyot, san’at namoyandalarining alohida-alohida emas, bir jamoa tarzida taklif etilganida ham bir hikmat, ma’no bor edi. Turfa soha mutaxassislarining ishlari, yo‘nalishlari har xil bo‘lsa-da, qaysidir jihatlari bilan esh, munosabatdosh, bir-birini to‘ldirishi, taqozo etishi bois ularning vazifalari pirovard natijada umumiy maqsadni amalga oshirishga – yurtimiz salohiyatini kuchaytirish, ma’naviyatini yuksaltirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni qadrlashga qaratilgandir.

Davlatimiz rahbarining ijod ahliga katta hurmati va ixlosini majlis davomida yana bir bor his qildim. Uning ko‘pchilik shoir, adib, olim, rassom, bastakor, aktyor, rejissyor, xonanda, sozanda, muharrirlarni shaxsan bilishi, faoliyati, asarlari, ijodiy imkoniyatlaridan yaxshi xabardorligi bizni quvontirdi.

Uchrashuvda ijodiy muhitdagi qandaydir turg‘unlik, depsinish, ba’zi tashkilotlardagi sustkashlik, loqaydlik, yuqoridan buyruq kutib ishlash, tashabbuskorlik, tashkilotchilik yetishmasligi, tadbirbozlik, asarlarga prinsipial, haqqoniy bahoning berilmasligi, madaniyat sohasida tijoratlashuv, ma’naviyat, ma’rifatning biznesga aylanishiga yo‘l qo‘yilishining oldini olish, ayrim to‘ylarda isrofgarchilik, dabdabaga yo‘l qo‘yilayotgani, kiyinish, yurish-turishda G‘arbga taqlid va hokazo noxush holatlar tanqidi juda ham to‘g‘ri aytildi.

Ushbu fikr-mulohaza va takliflardan nafaqat, yig‘ilish ishtirokchilari, balki har bir ijodga aloqador kishi borki, o‘ziga tegishli xulosa chiqarib, oldimizga aniq maqsad qo‘yib, o‘tgan davr mobaynida muayyan ishlarni qilishga harakat qildik, qilyapmiz. Sakson yoshimda Surxondaryo, Navoiy, Jizzax, Samarqand viloyatlarida bo‘lib, xalq orasida yurib, maqolalar, ocherklar yozishim Ollohning menga ko‘rsatgan marhamati.

Yaqinda “Sehrli va mehrli so‘z” degan yigirma besh bosma taboqli kitobim nashrdan chiqdi. “Saidrizo Alizoda” deb nomlangan hujjatli filmim tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olindi.

Shu qisqa davr mobaynida sohada amalga oshirilgan ishlar, xususan, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining ochilishi, sirtqi bo‘limlarga qabul boshlanishi ko‘pchilikning istagi edi. Ammo hamon bartaraf etilishi lozim bo‘lgan ayrim muammolar ham yo‘q emas. Qalam haqi, gonorar masalalarida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lganicha yo‘q. Negadir chet mualliflarga qalam haqi berish yo‘lga qo‘yilmayapti...

Kamina oltmish yillik jurnalistlik, adabiyotshunoslik, yarim asrlik pedagogik stajga ega oliy o‘quv yurti domlasi, olim, qalamkash, zalda hayajonlanib, xursand bo‘lib o‘tirganimni ekranda ko‘rganlar haliyam aytishadi. To‘lqinlanmay, faxrlanmay bo‘lardimi, axir?! Bir vaqtlar jurnalistika fakultetlarimizda o‘qigan, hamkasblarim qatori bir harf o‘rgatishga muyassar bo‘lganim yigit-qizlar bugungi kunda madaniyatimiz rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotgan bosh muharrirlar, xalq yozuvchilari, xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari, vazir maqomidagi rahbarlar, deputatlar, arboblar zalda qo‘r to‘kib o‘tirishardi. Davlatimiz rahbarining ijodkor-ziyolilar bilan uchrashuvi men singari ko‘ngil kishilari uchun bir umr esda qolarli voqea bo‘ldi.

Saydi Umirov,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan
yoshlar murabbiysi, yozuvchi, jurnalist

O‘zA
2 406