O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Xayriya turniridan tushgan mablag‘ yurak xastaligiga chalingan bolalarni davolashga yo‘naltiriladi

Xayriya turniridan tushgan mablag‘ yurak xastaligiga chalingan bolalarni davolashga yo‘naltiriladi

Joriy yilning 4-5 sentabr kunlari poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi, “GROSS INSURANCE” sug‘urta kompaniyasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan mini-futbol bo‘yicha IV xalqaro xayriya turniri bo‘lib o‘tadi.

An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur musobaqa davomida tushgan barcha mablag‘lar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markaziga yo‘naltiriladi va yurak xastaligiga chalingan bolalarni davolashda foydalaniladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Matbuot klubida IV xalqaro xayriya turniriga qur’a tashlash marosimi va musobaqaning matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Tadbir ishtirokchilari imkoniyati cheklangan bolalar tomonidan yaratilgan badiiy ishlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Tashkilotchilar tomonidan musobaqa reglamenti va o‘tkazish tartibi haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Musobaqada, “Gross insurance”, “Hamkor sugʻurta”, “Alskom”, “Temir yoʻl sugʻurta”, “New life insurance”, “Mega invest insurance”, “Intersok”, “INGO-O‘zbekiston“, “APEX insurance”, “Euroasia insurance”, “Kafil sugʻurta”, “O‘zagrosug‘urta“ AJ kabi sug‘urta yo‘nalishidagi tashkilotlar, banklar va boshqa jamoalar ishtirok etadi.

1 650
Javohir Toshxo‘jaev, O‘zA