O‘zA O`zbek

08.08.2018 10:06 Chop etish versiyasi

Xaridorlar nega bozor ma’muriyatidan norozi bo‘lishmoqda?

Xaridorlar nega bozor ma’muriyatidan norozi bo‘lishmoqda?

Bozorlarimizda shunday muammolar borki, ma’muriyat bundan ko‘z yummoqda...

“O‘zstandart” agentligi tashabbusi bilan iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida poytaxtimizdagi dehqon bozorlarida qo‘llanilayotgan tosh va tarozilarning bugungi holati tanqidiy o‘rganildi.

Agentlik matbuot xizmati ma’lum qilishicha, qonunchilik talablariga ko‘ra, dehqon bozorlari ma’muriyati sotuvchilarni elektron tarozilar bilan to‘liq ta’minlashi ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo bozorlar rahbariyati mazkur muammoga ko‘z yumushi oqibatida sotuvchilar o‘zlarining shaxsiy tarozilaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. O‘rganishlar natijasida ayni paytda Toshkent shahri bozorlarida 1003 dona xususiy tarozidan foydalanilmoqda. Dehqon bozorlarida jami 2 ming 305 dona tarozi yetishmasligi ma’lum bo‘ldi.

“Aviasozlar” bozorida 95, “Askiya” bozorida 36, “Chilonzor” dehqon bozorida 42, “Navro‘z” bozorida 118, “Oloy” bozorida 33, “Sirg‘ali” bozorida 87, “Farhod” dehqon bozorida 218, “Eski juva”da 142, “Yunusobod” bozorida 81, “Qo‘yliq” bozorida 119, “Qora-qamish” bozorida 32 ta taroziga ehtiyoj bor.

Joriy yilning o‘tgan davrida belgilangan rejaga asosan, poytaxtimizdagi 13ta dehqon bozori 964 ta zamonaviy elektron tarozilar bilan ta’minlanishi kerak edi. Lekin mazkur reja bor-yo‘g‘i 59 foizga bajarilgan xolos. Ya’ni hammasi bo‘lib 570ta tarozi xarid qilingan.

Bir muammo ikkinchisiga doyalik qiladi deganlaridek, Toshkent shahridagi dehqon bozorlarida tarozilarning yetishmasligi oqibatida sotuvchilar davlat qiyoslash ko‘rigidan o‘tmagan shaxsiy tarozilardan foydalanmoqda. O‘z navbatida, xaridorlar bozor ma’muriyatidan norozi bo‘lishmoqda.

O‘zingiz bir mushohada qilib ko‘ring, “O‘zstandart” ko‘rigidan o‘tmagan tarozining to‘g‘ri ishlashiga kim ham kafolat berardi?!

Xalqimizda o‘zganing haqiga xiyonat qilmaslik, savdoda halollik mezonlarini buzmaslik va eng muhimi iste’molchilar manfaatlari oliy qadriyat sifatida e’zozlanib kelingan. Bozorlarimizdagi bunday muammolar mas’ul rahbarlar yordamida tez kunlarda bartaraf etilishiga umid qilamiz.

O‘zA
2 653