O‘zA O`zbek

14.08.2018 17:19 Chop etish versiyasi

“Xalqingiz bilan muloqot qilish baxtiga muyassar bo‘ldim”

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi jamoat xavfsizligi universiteti hamkorligidagi o‘quv kurslari davom etmoqda.

Mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda IIV akademiyasi rahbariyati, kursantlar, XXR jamoat xavfsizligi delegatsiyasi a’zolari – professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etmoqda.

O‘quv kurslari davomida xitoylik mutaxassislar o‘zbek xalqining tarixi, milliy urf-odat va an’analari, davlat boshqaruvi tizimi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishib, o‘zaro tajriba almashmoqda.

Ular yurtimizning so‘lim go‘shalariga sayohat qildi.

– Samarqandga bordik, afsonaviy shahardagi tarixiy obidalarni, bozorlarni, zamonaviy binolarni tomosha qildik, dunyoga mashhur nonidan tatib ko‘rdik, – deydi XXR jamoat xavfsizligi universiteti delegatsiyasi rahbari, professor Xuang Na xonim. – Qadim shaharning betakror chiroyi haqida ko‘p eshitganman. Ularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish, xalqingiz bilan muloqot qilish baxtiga muyassar bo‘ldim.

O‘quv kurslari joriy yilning 29 avgustiga qadar davom etadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
2 576