O‘zA O`zbek

31.08.2018 21:54 Chop etish versiyasi

Xalqimizning eng ulugʻ, eng aziz bayrami

Xalqimizning eng ulugʻ, eng aziz bayrami “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Vatanimizmustaqilligining 27 yilligiga bagʻishlangan bayram tantanasi boʻlib oʻtdi

Mustaqillik – ulugʻ neʼmat. Zero, u barcha xalqlarni jahon hamjamiyatida tenglar ichra teng, oʻz oʻrni va oʻz soʻziga ega boʻlish baxtiga muyassar qiladigan eng aziz bayram.

1991 yil 31 avgust – mamlakatimiz ana shunday tarixiy yutuqqa erishgan buyuk sana. Ajdodlarimizning asriy orzusi ushalgan, milliy oʻzligimiz, qaddimiz va qadrimizni tiklagan bu kunni xalqimiz har yili katta shodiyona bilan nishonlaydi.

Mustaqillikning qadr-qimmati va ahamiyati yildan-yilga ortib bormoqda. Mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻyib, barcha soha va tarmoqlarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda, demokratik yangilanish jarayonlari kechmoqda. Oʻtgan davr erkin va farovon hayotni, buyuk kelajakni faqat va faqat mustaqillik asosidagina qurish mumkinligini koʻrsatdi.

Shu maʼnoda, mamlakatimiz istiqlolini, u bilan bogʻliq tarixiy sana va voqea-hodisalarning mohiyatini chuqur anglash va qadrlash, har tomonlama munosib nishonlash ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayotimizda alohida oʻrin tutadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 iyundagi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga katta tayyorgarlik koʻrildi.

Asosiy tantanalar 31 avgust kuni “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida boʻlib oʻtdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar xodimlari, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Saroyga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kirib keldi.

Davlatimiz rahbari minbarga taklif etildi. Prezidentimiz mustaqilligimizning yigirma yetti yilligi bilan xalqimizni muborakbod etib, nutq soʻzladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi. Tantana ahli qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, mustaqillik qoʻshigʻiga joʻr boʻladi. Ohang ogʻushida Vatan manzaralari, istiqlol tarixi tasavvurda gavdalanadi.

Bugun yurtdoshlarimiz tilida “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” degan soʻzlar yangrab, qalblardan qalblarga koʻchmoqda.

Odatda, kishi tugʻilgan kuni yoki bayramlarda yashagan umri, amalga oshirgan va ulgurmagan ishlari, erishgan yutuqlarini sarhisob qiladi. Xoʻsh, oxirgi bir yilda mamlakatimizda qanday islohotlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, yurtdoshlarimiz hayotida nimalar oʻzgardi, yurtimiz iqtisodiyoti nechogʻli yuksaldi?

Davlatimiz rahbari yuritayotgan oqilona siyosat tufayli Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda. “Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz”, degan tamoyilga asosan mamlakatimizni modernizatsiya qilish, davlat boshqaruvi tizimining sifati va samaradorligini yuksaltirish boʻyicha tub islohotlar amalga oshirildi. Boshqaruv organlari faoliyati takomillashtirildi, koʻplab vazirlik va idoralar qayta tashkil etildi, yangi tashkilotlar tuzildi.

Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasidabelgilangan ustuvor yoʻnalishlar xalqimizning kelajakka boʻlgan ishonchini yanada mustahkamladi.

“Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun”, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan olijanob tamoyillarga muvofiq, xalq bilan muloqotning zamonaviy va samarali tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bunda aholi bilan doimiy va ochiq muloqot oʻtkazilayotgani mavjud muammolarni joyida hal etish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda 2018 yil Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili, deb eʼlon qilindi. Bu borada qabul qilingan Davlat dasturida 11 trillion 200 milliard soʻm va 1 milliard 300 million AQSH dollari hajmidagi ishlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Dastur ijrosini taʼminlash uchun keng koʻlamli izchil ishlar olib borilmoqda.

Koʻrilayotgan ana shunday tizimli chora-tadbirlar iqtisodiyotimiz va ijtimoiy hayotimizni barqaror rivojlantirishga xizmat qilayotir. Birgina sanoat sohasini jadal taraqqiy ettirish maqsadida erkin iqtisodiy zona va kichik sanoat hududlari tashkil etildi. Mazkur zonalarda yuzlab loyihalar amalga oshirildi. Buning natijasida ilgari katta miqdordagi valyuta evaziga chetdan import qilingan koʻplab mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Qishloq xoʻjaligida zamonaviy, istiqbolli tarmoqlarga asos solish, klaster tizimini yoʻlga qoʻyish, fermer xoʻjaliklarining natijadorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan taʼminlash muhim vazifalardan biridir. Bu borada ham amaliy qarash va yondashuvlar oʻzgardi. Odamlarning mehnatga ishtiyoqi oshib, biznes bilan shugʻullanish istagida boʻlganlar safi kengaydi. Har bir oilada tadbirkorlik muhiti shakllana boshladi.

Keyingi ikki yilda mamlakatimiz boʻyicha 700 mingdan ortiq kishiish bilan taʼminlangani, ularning asosiy qismi tadbirkorlik hissasiga toʻgʻri kelgani ana shunday saʼy-harakatlar samarasidir.

Maʼlumotlarga qaraganda, malakatimizda aholining real umumiy daromadlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 12 foizga oʻsgan. Bu tadbirkorlik, oilaviy biznes, xizmat koʻrsatish, tomorqa xoʻjaliklarini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy eʼtiborning amaldagi ifodasidir.

Ayni paytda amalga oshirilayotgan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi ham tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan aholi tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning har bir bosqichida mutasaddi idoralar tomonidan tizimli amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, isteʼdod va salohiyatini toʻla namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Yangi oliy oʻquv yurtlari, xorijdagi nufuzli universitetlarning filiallari tashkil etilayotgani, qabul kvotalari oshirilgani, koʻpgina yoʻnalishlar boʻyicha sirtqi boʻlimlar ochilgani shular jumlasidandir.

Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil davom ettirish maqsadida qabul qilingan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ham oʻgʻil-qizlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirdi. Ushbu dastur ijrosi uchun 786 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Buning natijasida 100 mingdan ortiq yoshlarning bandligi taʼminlanadi.

Dastur doirasida 46 ta tuman va shahardagi mahalla fuqarolar yigʻinlarida “Yoshlar mehnat guzari” va “Yosh tadbirkorlar” markazi barpo etilmoqda.

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada isloh qilish borasida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotir. Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish, “Qonun va adolat – ustuvor”, “Jinoyatga jazo muqarrar” tamoyillari va “Jinoyatchilikka qarshi kurashish haqiqati va adolati” shiori ostida olib borilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda.

Xalqimiz bugungi islohotlar samarasini oʻz hayoti misolida his etayotir. Zamonaviy uy-joy va isteʼmol tovarlarga ega boʻlish bilan birga, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish kabi hayotiy ehtiyoj uchun ham sharoit va imkoniyatlar kengaymoqda.

Aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari mamlakatimizning eng chekka hududlariga ham yangilanish nafasini, bunyodkorlik ruhini olib kirdi. Odamlarning fikri, dunyoqarashi oʻzgarib, qishloqda turmush madaniyati oshayotir. Mazkur dasturlar doirasida 416 ta qishloq va 105 ta mahallada qurilish-obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda.

Odamlarning zamonaviy uy-joyga boʻlgan talab va ehtiyoji asosida 2017 yilda mamlakatimiz boʻyicha 8 ming 121 oilaga moʻljallangan 191 ta arzon, koʻp qavatli uy-joy barpo etilgan. Bu ezgu tashabbus joriy yilda ham davom ettirilib, shu kunlarda yana 335 ta koʻp qavatli turar joy foydalanishga topshirilmoqda. Yurtimiz boʻyicha 13 ming 900 dan ortiq oila yangi xonadonlarga koʻchib kiradi. Bu 2017 yilga nisbatan 2 barobar koʻpdir.

Keyingi bir yarim yilda yangilangan loyihalar asosida qishloq aholisi uchun 38 ming 543 ta shinam uy-joy qurildi. 40 ming oila yangi xonadonga koʻchib oʻtdi. Joriy yilda yana 35 ming oilaga moʻljallangan 27 ming 500 ga yaqin ana shunday uylar barpo etilmoqda. Kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan insonlarning talab va ehtiyoji ham doimiy eʼtiborda. Buni keyingi ikki yilda 1000 nafardan ortiq shu toifaga mansub yurtdoshimizuy-joy bilan taʼminlanganida ham yaqqol koʻrish mumkin.

“Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi”, degan gʻoya asosida aholiga keng imkoniyatlar berish, uning real daromadlarini koʻpaytirish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish, eksport hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jahon hamjamiyati, ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarimiz yanada yaxshilandi. Prezidentimizning ilk tashriflari qoʻshni davlatlarga boʻldi. Oʻzaro raqobat emas, hamkorlik qilish tamoyili iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirdi, mintaqaviy xavfsizlik, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamladi.

Xalqaro ekspertlar davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgantashqi siyosatni yuqori baholab, mamlakatimizning tinchlikparvar, pragmatik tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyo mintaqasidagi qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro ishonch va doʻstlikning tiklanishi muhim voqea ekanini taʼkidlamoqda.

Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarni yangi bosqichda davom ettirmoqda. Buni Prezidentimizning joriy yilda Tojikiston, Qozogʻiston, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Xitoy va Turkmanistonga tashrif bilan borgani, Turkiya, Turkmaniston va Tojikiston davlatlari Prezidentlari Oʻzbekistonga tashrif bilan kelgani misolida ham koʻrish mumkin.

Bu jihatlar bayram tomoshasida turli tillarda yangragan qoʻshiqlar, milliy-etnografik guruhlarning chiqishlarida yaqqol namoyon boʻldi.

Bayram dasturi har qachongidan oʻzgacha boʻldi. Kuy-qoʻshiqlar sheʼrlar bilan uygʻunlashib ketdi. Vatan, mustaqillik va mardlik tarannum etilgan qoʻshiqlar, ayniqsa, bolajonlarning chiqishi barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Harbiylarimizning mardonavor ovozi dillarga koʻchdi. Jahon mumtoz musiqalari zavq bagʻishladi. Tantanali marosim sanʼatkorlar joʻrligidagi “Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim!” qoʻshigʻi bilan nihoyasiga yetdi.

Bayram tadbirlari mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida davom etmoqda.

Alouddin Gʻafforov, OʻzA
1 834