O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 18:22 Chop etish versiyasi

Xalqimiz tarixiga oid yangi kitob

Xalqimiz tarixiga oid yangi kitob Poytaxtimizdagi “Wyndham“ mehmonxonasida tarix fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ahmadali Asqarov qalamiga mansub“Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” nomli asarning rus tilida chop etilgan nashri – “Istoriya proisxojdeniya uzbekskogo naroda” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda tarixchi olimlar, arxeologlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

“Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan kitobda oʻzbek xalqining millat sifatida shakllanish jarayoni, milliy mentalitet tushunchasi va uning oʻziga xosliklari tadqiq qilingan, boy moddiy, madaniyat va yozma manbalarning chuqur ilmiy tahlili berilgan.

Taqdimotda soʻzga chiqqanlar asarga yuqori baho berib, 660 betdan iborat ushbu monografiya oʻzbek xalqi tarixini yanada boyitishda ilmiy asos boʻlib xizmat qilishini, kitob soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tarixi boʻyicha yaratilgan eng yaxshi asarlar qatoridan oʻrin olishini taʼkidladi.

Kitob olimning soʻnggi 40 yillik arxeologik izlanishlari, topilmalari, ilmiy-ijodiy mehnatining mahsulidir. Monografiya ingliz va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilinishi tavsiya etildi.

Irismat Abduxoliqov, OʻzA