O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

Xalqimiz buyuk sinovdan ulkan hamjihatlik, sarishtalik va saxovat bilan oʻtmoqda

Xalqimiz buyuk sinovdan ulkan hamjihatlik, sarishtalik va saxovat bilan oʻtmoqda

Joriy yilning boshidan qisqa vaqt ichida dunyoga yoyilgan koronavirus pandemiyasi davlatlarning oʻz fuqarolarini kutilmagan ofatdan oʻz vaqtida va ishonchli himoya qila olishga nechogʻli tayyor va qodir ekanligini sinovdan oʻtkazmoqda. Jahondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgan xalqaro ekspertlarning qayd etishlaricha, pandemiya deyarli barcha davlatlarning “kuchli va ojiz tomonlarini yaqqol koʻrsatib qoʻydi”. Iqtisodiy va harbiy-texnik imkoniyatlari mislsiz yuksakligi bilan necha oʻn yillardan buyon jahon ahlining havasini tortib kelayotgan ayrim muttaraqiy davlatlar va ularning fuqarolari ham bu “koʻz ilgʻamas yov” oldida sarosimaga tushib qolganini taʼkidlashmoqda.

Mamlakatlarning imkoniyatlarini bugungi oʻta murakkab sharoit taqozosi bilan bogʻliq holda tahlil qilayotgan kuzatuvchilar Yangi Oʻzbekistonga oʻz fuqarolarini har qanday sharoitda himoyasiga olishga qodir davlat sifatida baho bermoqda. Bunda ular Oʻzbekistonda COVID-19 infeksiyasi bilan zararlangan ilk bemor aniqlangan 15-martdan buyon oʻtgan bir yarim oy mobaynida tezkorlik, sobitqadamlik va ochiqlik asosida, xalq bilan bamaslahat amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlarning yuksak samaradorligini ibrat sifatida keltirmoqda.

Mamlakatimizda pandemiya hamda uning taʼsirida yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlariga barham berish va yumshatish borasida gʻoyat murakkab sharoitda erishilayotgan bunday muvaffaqiyatlarning omillari nimada?

Yangi Oʻzbekiston va zamon sinovlari

Bu, avvalo, asrlar osha shakllanib, istiqlol davrida mustahkamlangan va soʻnggi yillarda zamon talablaridan kelib chiqib, tubdan takomillashtirilgan oʻzbek milliy davlatchiligiga xos siyosiy boshqaruv anʼanalari, eng muhimi, barcha sohalarda ochiqlik va demokratiya, xalq bilan muloqot keng yoʻlga qoʻyilgani natijasidir. Ushbu murakkab global tarixiy evrilishlar davrida Yangi Oʻzbekiston davlat sifatida jiddiy sinovdan muvaffaqiyatli oʻtmoqda, deyish uchun barcha asoslar bor.

Dunyoga keng yoyilgan ofat va uning oqibatlari mohiyatini, xavf-xatarini el-yurt manfaatlari nuqtayi nazaridan oʻz vaqtida toʻgʻri baholay olish, bunda mamlakat va xalq, har bir fuqaroning taqdiri uchun ulkan masʼuliyatni chuqur his qilish tuygʻusining ustuvorligi yorqin namoyon boʻldi.

Buni oʻtgan voqealar rivojidan yaqqol koʻrish mumkin. Koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlangan 15-mart kuni mamlakatimizda vaziyat oldindan toʻgʻri baholanib, Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, Respublika maxsus komissiyasi tuzilgan edi. Avvalo, chet ellarga chiqish va kirish borasida cheklovlar joriy etildi.

Xorijdan qaytganlar va ular bilan muloqotda boʻlgan kishilar karantinga olinib, odamlar gavjum joylarda ommaviy tadbirlar cheklandi. 16-mart kunidan boshlab barcha taʼlim dargohlarida taʼtil eʼlon qilindi. 80 ming talaba markazlashgan holda uylariga joʻnatildi.

Har bir hududda hokimlar rahbarligida maxsus shtablar tashkil etilib, epidemiologik vaziyat boʻyicha har soatlik va kunlik maʼlumot tahlil qilinib, tezkor choralar koʻrila boshlandi.

Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, tibbiy himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablagʻlar ajratildi.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, mamlakatimiz fuqarolarining asosiy hujjatida “Ushbu pasport egasi Oʻzbekiston Respublikasi himoyasidadir” deb yozib qoʻyilgan. Ushbu qayd mamlakatimiz fuqarosi kim va qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, davlatimiz muhofazasida, mehri-eʼtiborida ekanining ishonchli kafolatidir.

Bunday gʻamxoʻrlikning koʻlami tobora kengayib borayotgani 2019-yilning 23-dekabr kuni mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga oʻtgan saylovlar jarayonida ham yaqqol tasdigʻini topgan edi. Oʻzbekiston tarixida birinchi marta xorijda oʻqib, ishlab, yashab turgan barcha vatandoshlarimiz uchun saylovda ovoz berish imkoniyati yaratildi. Fuqarolar saylov huquqining bunday keng koʻlamda taʼminlanishi ularning davlatimizga boʻlgani mehrini va ishonchini sarbaland qilmoqda. Zero, avvalgi saylovlarda Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalari konsullik idoralarida rasman roʻyxatda turgan juda kam sonli fuqarolargina qatnashgan.

Pandemiya boshlanishi bilan xorijdagi oʻn minglab yurtdoshlarimiz charter aviareyslari orqali Vatanimizga olib kelindi. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, betoblari shifoxonalarga joylashtirildi va toʻla davolandi. Chet elda boʻlib turgan fuqarolarimizga esa mamlakatimiz elchixonalari tomonidan barcha zarur yordamlar koʻrsatilmoqda.

Yuksak ishonch va samimiy daʼvat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bevosita xalqimizga murojaat qilar ekan, vaziyat toʻliq nazorat ostida ekanini alohida taʼkidladi, “millati, tili va dinidan qatʼi nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, oʻtib ketadi”, deb qatʼiy ishonch bildirdi.

Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz oʻz oilamiz, farzandlarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qatʼiy amal qilishimiz zarurligini qayd etdi. Kasallikni yashirmasdan, oʻz vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali chora ekanini uqtirdi.

Mamlakatimizda yetarli darajada oziq-ovqat zaxiralari mavjudligi, xavotir yoki vahimaga tushishga hech qanday asos yoʻqligi, ammo koʻpga kelgan bu baloga qarshi hammamiz birgalikda harakat qilishimiz lozimligini aytdi.

Davlatimiz rahbarining 19-mart kuni qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida hamda undan keyin imzolangan qarorlarida yuzaga kelgan murakkab sharoitda amalga oshirilishi zarur boʻlgan eng muhim, jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari barqaror ishlashini taʼminlash va fuqarolarning daromadlari pasayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik borasidagi vazifalar aniq belgilab berildi. Ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.

Davlatimiz koronavirusni jilovlash, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarni aniqlash va davolash, profilaktika qilish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga oldi. Bu buyuk insonparvarlik missiyasi ayrim mamlakatlarni oʻz zabtiga olgan sarosima va parokandalikning yoʻlini toʻsish, jamiyatimizda qaror topgan tinchlik-osoyishtalikni, odamlarimizdagi xotirjamlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Fozilu fuzalo, ayniqsa, tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan bamaslahat koʻrilgan bunday ishonchli chora-tadbirlar samarasida Oʻzbekistonga kasallikning ommaviy kirib kelishi va keng tarqalishining oldi olindi.

Toshkentda koronavirusga chalingan dastlabki bemor aniqlangan kunlari baʼzi tahlilchilar Oʻzbekistonning boshiga ham Yevropadagi ayrim rivojlangan davlatlar, jumladan, Italiyaning kuni tushishini taxmin qilgan edi. Mazkur mamlakatda tojdor virus changaliga tushgan birinchi bemor aniqlangan 2-martdan soʻng oʻtgan vaqt mobaynida koronavirusni yuqtirganlar soni 204 mingdan oshib ketdi. Vafot etganlar esa qariyb 28 mingga yetdi.

Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, Oʻzbekistonda infeksiya yuqtirganlarning bir million aholiga nisbati dunyo boʻyicha oʻrtacha raqamdan qariyb 7 barobar kam. Shukrki, vafot etganlar esa yana-da oz: bir million aholiga nisbatan 0,2 ta holat (dunyoda 27,1).

Bu mamlakatimizda soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish boʻyicha islohotlarning qatʼiyat bilan davom ettirilayotgani, shifokorlarning jamiyatdagi oʻrni va maqomini kuchaytirish, xalqimiz oʻrtasida ularga nisbatan hurmatni oshirish, bu kasb egalari uchun munosib mehnat sharoiti yaratish va daromadlarini koʻpaytirish borasida koʻrilayotgan izchil chora-tadbirlarning amaldagi samaralaridir.

Koronavirus infeksiyasiga chalinib davolanayotgan har bir bemor uchun 64 million soʻmgacha, karantinda boʻlib turganlarning har biri uchun 14 kunlik karantin davomida 2,4 million soʻmgacha, koronavirusdan tuzalib, reabilitatsiyaga olingan har bir bemor uchun 2,8 million soʻmgacha sarflanayotir.

“Koʻz ilgʻamas yov”ga qarshi kurashning oldingi saflarida jasorat koʻrsatayotgan shifokorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga oid ishlarning koʻlami pandemiya davrida yana-da kengaytirilmoqda.

Fazilat qidirgan el

Xalqimiz buyuk sinov oldida sarosima va tahlikaga tushmadi.

Elning buyukligi soni-salmogʻida emas, eng avvalo, yurt boshiga kulfat tushganida, unga bir yoqadan bosh chiqarib, qarshi kurasha olishida, yuksak maʼnaviyati va madaniyatida koʻrinadi.

Bu buyuklik Yaratganning har bir sinovini hikmat deb bilgan, bir-biridan kamchilik emas, fazilat qidirgan xalqimizning uzoqni koʻrib ish yuritayotgan oʻz yoʻlboshchisi atrofida yana-da jipslashganida namoyon boʻlmoqda. Tashvishli kunlarda fuqarolarning vaziyatni toʻgʻri tushunib, masalaga ongli yondashayotgani, ahilligi, bir-biriga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgani, tartib-intizom va sarishtalik turmush tarziga aylangan odamlarimizning iymoni butunligi, yuksak maʼnaviyatidan yorqin dalolatdir.

Buni jamoatchilik fikri boʻyicha yaqinda oʻtkazilgan soʻrov natijalaridan ham koʻrish mumkin. Mamlakatimiz fuqarolarining 94 foizi “Uyda qoling!” degan chaqiriqqa, karantin talablariga toʻliq rioya qilishni oʻzining muhim burchi deb hisoblaydi. Global ofatni shifokorlar maslahatlariga qatʼiy amal qilish orqaligina yengish mumkinligini toʻgʻri tushunadi. Fuqarolarning 92,3 foizi mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida ulkan mehr va sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni keng qoʻllab-quvvatlamoqda, davlatimiz tomonidan oʻz vaqtida koʻrilayotgan va yuksak samaralar berayotgan katta gʻamxoʻrlik, deb hisoblaydi.

Ayni paytda ehtiyojmand oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, bemorlar, ishlamayotganlarga har tomonlama yordam koʻrsatish – “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga aylandi. Bu harakatda tadbirkorlar, barcha saxovatli yurtdoshlarimiz ehtiyojmand oilalarni oʻz qaramogʻiga olib, vijdon amri bilan ish tutmoqda. Mohi Ramazon kunlari bunday ishlar koʻlami yana-da kengayib borayotgani har birimizga faxr-iftixor bagʻishlaydi.

Mehr-saxovat millatimizning qonida bor. Ommaviy axborot vositalarini kuzatib borayotgan kishi bunga toʻla amin boʻladi. “Sinovni saxovat bilan yengamiz”, “Savobli amallar – vijdon ishi”, “Ishbilarmon deputat ming oilani otaliqqa oldi”, “Sharifa opa Haj uchun yiqqan pulini xayriya qildi”, “Boquvchisini yoʻqotgan qirq yetti oilaga sigir hadiya qilindi”... Bunday xushxabarlarni har kuni yuzlab, minglab eshitish, oʻqish va kuzatish mumkin.

Ularning yoniga millionlab, milliardlab pul, tibbiy jihozlar, gigiyena buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlarini begʻaraz hadiya qilayotgan minglab, millionlab yurtdoshlarimizni qoʻshing. Yigʻilgan mablagʻlarni, mahsulotlarni, jihozlarni, kitoblarni yuksak tartib-intizom va halollik bilan ehtiyojmandlar oʻrtasida taqsimlayotgan va ularning uylarigacha beminnat yetkazib berib, samimiy duosini olayotgan minglab koʻngillilarni qoʻshing.

Sinovni ruhiy poklanish uchun imkoniyat, savobni saodat deb bilgan bunday Vatandoshlarimizning orasida oddiy fuqarolardan to yetti iqlimga dongʻi ketgan tadbirkorlargacha, taniqli sanʼatkorlardan to jahon shohsupalarini egallagan sportchilargacha, xalq sevgan shoiru shuʼarodan to olimu ulamolargacha, ilmi toliblargacha bor. Kimdir orttirgan puli, kimdir bemorlarga quyish uchun toza qoni, kimdir el-yurtiga kushoyish, xastalarga shifo tilagan duosi bilan bir-biriga samimiy yordam berayotir.

Oʻzbekistonda biror fuqaro mehr-eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq, qolmaydi ham!

Koʻlami behad keng, salmogʻi gʻoyat baland bunday xayrli ishlarni ulkan mamlakat miqyosida – har bir shahar, har bir qishloq, har bir mahallada sarosimaga tushmasdan tashkil etishning oʻzi naqadar katta masʼuliyat, qatʼiy tartib-intizom talab qilishini chamalab koʻring. Aytishga oson!

Boshqaruv mehr-oqibat, samimiyat bilan yoʻgʻrilgan mamlakatda sadoqat, ishonch va baraka bardavom boʻladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning millatimizga, xalqimizga koʻrsatayotgan samimiy gʻamxoʻrligi fuqarolarning davlatimizga, dadillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarga boʻlgan ishonchini va mehrini tobora yuksaltirmoqda. Necha oʻn yillardan buyon yigʻilib qolgan muammolarga, el boshiga tushayotgan turli sinovlarga ana shu ulkan ishonch koʻprigi oʻlaroq hamjihatlikda barham berilmoqda. Mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora yuksalmoqda. Bu kun Yangi Oʻzbekistonning fuqarosiman deb aytish faxr-iftixorga aylandi.

Ha, dillarning poklanayotgani atrof-muhit musaffoligida ham oʻz inʼikosini topmoqda. Mutaxassislarning qayd etishlaricha, shu kunlarda barcha shahar-qishloqlarimizning, ayniqsa, poytaxtimiz Toshkentning koʻchalari, mahallalari va osmoni gʻoyat tozargan. Osmonida qora bulut kabi soya solib turgan qurimdan forigʻ boʻlgan.

Yangicha ruh, yangicha ishtiyoq

Karantin paytida barcha taʼlim muassasalari yopilib, mashgʻulotlar onlayn tartibda oʻtkaziladigan yangi sharoitga tezkorlik bilan moslashtirildi. Ayni paytda, minglab tashkilot va muassasalarning xodimlari masofadan, yaʼni uy sharoitida ishlashga kirishdi. Uzluksiz taʼlim, mehnat jarayoni toʻxtab qolmadi. Aksincha, yangicha ruh, yangicha ishtiyoq bilan davom ettirilmoqda.

Bu mamlakatimizda joriy yilning “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini yana-da takomillashtirish, koʻlamini kengaytirish va tezlashtirish imkonini bermoqda. Qachonlardir yillab vaqt ketgan va joyidan siljitish qiyin boʻlgan zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishga oʻtish borasidagi koʻnikmalar sanoqli kunlarda egallandi.

Bu jarayonni muttasil kuzatib kelayotgan Jahon bankining sinchkov mutaxassislari: “Oʻzbekiston taʼlimni pandemiyaga tezda moslashtira oldi”, deb eʼtirof etdi. Qayd qilinishicha, ilk bemor roʻyxatga olingan kundan ikki kun oʻtgach, Xalq taʼlimi vazirligi karantin davrida 6,1 million oʻquvchini masofadan oʻqitishni joriy etish boʻyicha misli koʻrilmagan rejani amalga oshirishga kirishgan. Respublikada internet qamrovining cheklangani tufayli televizion darslarga eʼtiborning kuchayishi Oʻzbekiston hukumatining anʼanaviy oʻqitish usullarining vaqtincha toʻxtatilgan davrdagi eng maqbul va samarali ishidir. Shu yoʻl bilan butun mamlakatni qamrab olish odamlardan qoʻshimcha xarajat va yangi infratuzilma talab qilmaydi.

Taʼkidlanishicha, bir necha kun ichida uch yuz ellikdan ortiq videodars oʻzbek, rus va imo-ishora tilida milliy telekanallarda namoyish etilib, materiallar vazirlikning ijtimoiy platformalarida, shu jumladan, Youtube va Mover.uz video-xostlarida ham joylashtirilgan.

Oliy taʼlim vazirligining elektron manbalaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratilgani tahsinga sazovordir. Bu barcha talabalar uchun onlayn taʼlim olish imkoniyatini yana-da oshirdi.

Hozir kuniga oʻrtacha yuzta videodars tarmoqqa joylanmoqda. Bu oʻquv dasturlarining pandemiya davrida uzluksiz oʻtilishiga xizmat qiladi.

Shu kunlarda mamlakatimizda virus tarqalishi keskin kamayib, bu darddan tuzalayotgan bemorlar tobora koʻpaymoqda. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, yurtimiz tez orada bu ofatdan butunlay forigʻ boʻladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qoʻlga kiritilayotgan bunday muvaffaqiyatlar barcha sinovlardan sharaf bilan oʻtayotgan Yangi Oʻzbekistonimiz pandemiyadan keyingi davrga yana-da kuchli, yana-da zamonaviylashgan, iqtisodiyoti yana-da rivojlangan, xalqaro nufuzi yana-da yuksalgan, fuqarolarining istiqbolga ishonchi yana-da oshgan, istiqlol quyoshi yana-da charaqlagan mamlakat sifatida dadil qadam qoʻyadi, deyishimiz uchun asos boʻla oladi.

Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi Raisi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist.

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi.

2020-yil 1-may.


2 603
OʻzA