O‘zA O`zbek

28.08.2018 17:16 Chop etish versiyasi

Xalqaro yuridik va biznes hamkorlik istiqbollari

Xalqaro yuridik va biznes hamkorlik istiqbollari Maʻlumki, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy kapitalni kengroq jalb qilish avvalo chet ellik investorlarning Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar va yaratilayotgan qulayliklar haqida xabardorligini oshirishni taqozo etadi.

Poytaxtimizda “Xalqaro yuridik va biznes hamkorlik istiqbollari“ mavzuida tashkil etilgan xalqaro konferensiya ham mamlakatimizda chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari, ularni himoya qilish choralarini amalga oshirish bilan bogʻliq jarayonlar, bu boradagi xalqaro tajribani oʻrganish masalalariga bagʻishlangani bilan alohida ahamiyatga ega.

“Prae legal“ xalqaro yuridik firmasi tomonidan Oʻzbekiston Advokatlar palatasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, Xitoy, Fransiya, Ispaniya, Daniya, Pokiston, Afgʻoniston kabi xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan yetakchi yuridik firmalar vakillari, investorlar qatnashdi.

Tadbirdan maqsad chet ellik sarmoyadorlarni mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishtirish, ikki va koʻp tomonlama biznes loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, bu jarayondagi huquqiy masalalarni muhokama qilishdan iborat.

Taʻkidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy investor va xalqaro moliya institutlarini yurtimizda biznes yuritishga jalb qilish, investitsiya kiritish istiqbollari toʻgʻrisida xabardorligini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda. Davlat va tegishli boshqaruv organlarining faoliyati aniq, puxta muvofiqlashtirilib, investitsiyalarni oʻzlashtirish tartiblari soddalashtirilmoqda.

– Konferensiyada advokatlar va investorlar bir stol atrofida yigʻilib, chet el korxonalarini yurtimizda ochish masalalarini muhokama qildik, – deydi “Prae legal“ xalqaro yuridik firmasi boshqaruvchi sherigi Davron Ahmedov. – Investor kapital kiritishdan oldin ushbu mamlakatda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishga, huquqiy yordamga zarurat sezadi. Tadbir asnosida investitsiya faoliyatini tartibga solish, xorijiy sarmoyalar jalb etilishini qoʻllab-quvvatlash kafolatlari haqida hamkorlarimizga maʻlumot berdik.

Anjumanda xorijiy hamkorlarning sarmoyaviy takliflar bazasini shakllantirish, ularning maqsadga muvofiqligi, davlat va boshqa ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanish istiqbollariga bagʻishlangan maʻruzalari tinglandi. Xorijiy investitsiyalarga nisbatan ochiq eshiklar siyosatini taʻminlashdagi huquqiy yechimlar, daromadni olib chiqib ketish kafolatlari kabi masalalar haqida soʻz yuritildi.

– Oʻzbekistonda tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhitiga xitoylik investorlar ham katta qiziqish bildirmoqda, – deydi “Joius“ huquqiy firmasi hamkori Ray Mai (Xitoy). – Kompaniyamiz qurilish, neft-gaz kabi sanoat va ishlab chiqarishning turli sohalarida korxonalarga huquqiy koʻmak koʻrsatadi. Hozirgi kunda mijozlarimiz mamlakatingizda “Bir makon, bir yoʻl“ loyihasi doirasida ishlab chiqilayotgan bir qator loyihalarda ishtirok etish istagida. Tadbir davomida yurtingizdagi soliq siyosati, bojxona tizimidagi islohotlar, yaratilayotgan qulaylik va imtiyozlar haqida maʻlumotga ega boʻldik. Bu hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda qoʻl keladi.

Tadbir soʻnggida chet ellik investorlar daromadini qaytarish tartib-taomili, mablagʻ beruvchilarning huquqlarini himoya qilish, ekspert baholash natijalarini tahlil qilishning xalqaro meʻyorlari va Oʻzbekiston tajribasini oʻrganishga qaratilgan maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA
1 816