O‘zA O`zbek

15.05.2018 15:32 Chop etish versiyasi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti o‘zbek talabasi bilan shaxmat o‘ynadi


Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri A.Ahmadxo‘jayev va Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori S.Boboxo‘jayev shaxmat yoshlarning intellektual salohiyati, fikrlash doirasini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shaxmatni o‘rganayotgan yoshlar mantiqan fikrlay boshlaydi, ularda tahlil qilish qobiliyati rivojlanib boradi, strategik mulohaza qilishga odatlanib, xotiralarini mashq qildiradi. Izchil fikrlashni o‘rganish – shaxmat orqali shakllantiriladigan asosiy qobiliyatlardandir. O‘yin paytida shaxmat taxtasi ustida sodir bo‘ladigan hech bir narsa tasodif emas. Yakkalik bellashuvlaridagi g‘alaba tavakkalchi o‘yinchiga emas, balki o‘z yurishini aniq bilgan kishiga nasib etadi. Statistikaga ko‘ra, shaxmat bilan shug‘ullanadigan bolalarning darslarni o‘zlashtirishi 40 foizga ortadi. Shu sabab Xalqaro shaxmat federatsiyasi rahbari Kirsan Ilyumjinov bilan Toshkent shahridagi Inha universitetida shaxmat fakultetiniochishmasalasi muhokama qilindi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori S.Boboxo‘jayev yig‘ilganlarga Xalqaro shaxmat federatsiyasining faoliyati va tashkilotning dunyo miqyosida shaxmatni ommalashtirish borasida amalga oshirayotgan ishlari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Shuningdek, turli mamlakatlarning minglab yoshlari ishtirok etadiganko‘p sonlishaxmat turnirlari haqida ham ma’lumot berildi.

Kirsan Ilyumjinov o‘z chiqishida Qalmog‘istonda bolalar muntazam shaxmat o‘ynay boshlashi bilan ularning o‘zlashtirish darajasi nechog‘li o‘sgani haqida so‘zlab berdi. Matematika, fizika, biologiya bo‘yicha fan olimpiadalarida qalmiq bolalalarining doimo sovrinli o‘rinlarni egallab kelayotgani boisi ham shunda. Federatsiya rahbari, shuningdek, o‘z hayoti, siyosiy karyerasi va bunda shaxmatning o‘rni haqida ham to‘xtaldi. Kirsan Ilyumjinov sayyoramizning turli burchaklarida istiqomat qilayotganbir million nafar insonnishaxmat o‘ynashga o‘rgatish uning asosiy maqsadi ekanini bildirdi. Uning fikricha, shu yo‘l bilan turli nizolarni bartaraf etish mumkin bo‘ladi, chunki insonshaxmatdagi singari mulohaza bilan yurish qilishni o‘rgansa, o‘ylamay bosilgan qadam, uning oqibati nima bilan yakun topishi haqida fikrlay boshlaydi.

Toshkent shahridagi Inha universitetida shaxmat fakultetini ochish to‘g‘risida so‘z borganda, Federatsiya rahbari tegishli qaror qabul qilinsa, u kitoblar taqdim etish va mahorat darslarini tashkil qilish bilan yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ta’kidladi.

FIDЕ prezidenti Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrifi doirasida ta’lim muassasasi rektori S.Boboxo‘jayev va universitet talabasi S.Usmonxo‘jayev bilanblis o‘yinlar o‘tkazdi.

– Shaxmat, matematika va dasturlashda bir xil mantiq qonunlari qo‘llaniladi, – deydi Inha universiteti talabasi Saidrasul Usmonxo‘jayev. – Men shaxmat o‘ynash yoki matematikadagi ma’lum masalani yechish orqali dasturlashga oid qobiliyatimni rivojlantirib boraman va yanada samarali hamda o‘ta nozik dasturiy kodlarni yarata olaman.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Kirsan Ilyumjinov tashrif yakunida Toshkent shahridagi Inha universitetining Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
3 722