Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.10.2017 18:19 Chop etish versiyasi

Xalqaro press-klub: mehnat munosabatlarida yangi voqelik

2017-yil 4-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Unda qonun hujjatlarini takomillashtirish, Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) ratifikatsiya qilingan konvensiyalari bajarilishi ustidan monitoring olib borish, XMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini mustahkamlash, ushbu sohada axborot-tushuntirish ishlari olib borish bo‘yicha qator tadbirlar nazarda tutilgan.

Senatorlar, bir qator xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari, xalqaro tashkilotlar, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, fermerlar, yoshlar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida ushbu mavzu muhokamalar markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari N.Otajonov, Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Z.Nizomxo‘jayev va boshqalar mamlakatimizda fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu jihatlar Konstitutsiyamizda, qonun hujjatlarida o‘z aksini topganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan yaqin hamkorlik aloqalarini mustahkamlamoqda. Mazkur tashkilotning 14 ta konvensiyasi, jumladan, bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. Hozirgi vaqtda fuqarolarning mehnat munosabatlari sohasidagi huquqlarini himoya qilishga doir bir qator chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi 2017-2020-yillarda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha Mamlakat dasturi amalga oshirilmoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda bolalar va majburiy mehnatga qarshi ta’sirchan chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada davlat organlari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari ham faol ishtirok etayotgani, ayniqsa, samarali kechmoqda.

Xalqaro press-klub sessiyasida majburiy mehnat xavfiga yo‘l qo‘ymaslikda qishloq xo‘jaligi samaradorligi va rentabelligini oshirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Bu borada mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, xususan, paxta hosilini mashinada terish hajmini ko‘paytirish, shuningdek, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarini o‘tkazishda bozor mexanizmlarini, innovatsiyalar va fan yutuqlarini, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dolzarb sanaladi.

Mazkur yo‘nalishda amaliy sa’y-harakatlar boshlab yuborilgan. Jumladan, tejamkor va zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini o‘zlashtirish, mavsumiy ishga jalb qilishning samarali usullarini joriy etish, ishsizlar bandligini ta’minlashning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish kabi chora-tadbirlar yanada takomillashtirilmoqda.

Tadbirda Jahon banki mutaxassislari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga hamisha tayyor ekanini qayd etdi. Fermerlar ishchi-xodimlarni rag‘batlantirish, ularga munosib sharoitlar yaratishdan birdek manfaatdorligini bildirdi. Spikerlar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
1 941






Все о погоде - Pogoda.uz