O‘zA O`zbek

31.10.2017 14:47 Chop etish versiyasi

Xalqaro mehnat tashkiloti eksperti bilan muloqot

O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotiga 1992-yilda a’zo bo‘lgan. Uning mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi asosiy 14 konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Shu asosda mamlakatimizda mehnat sohasidagi qonunlar ustuvorligi va mehnat munosabatlarining xalqaro talablarga muvofiqligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni xalqaro ekspertlar ham e’tirof etayotir.

Xalqaro mehnat tashkiloti eksperti Jizel Mitton paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan xalqaro huquqiy normalar ijrosini monitoring qilish maqsadida Buxoro viloyatida bo‘ldi.

Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida mazkur monitoring yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatida davlat va jamoat tashkilotlari, kasaba uyushmalari faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda XMT vakili J.Mitton Bolalar mehnati va majburiy mehnatni tartibga solish bo‘yicha xalqaro qonunchilik me’yorlari haqida ma’lumot berdi. 10 kun davomida viloyat korxona va tashkilotlari, tibbiyot, ta’lim muassasalari, fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, soha rahbarlari, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, o‘qituvchilar, oddiy fuqarolar bilan uchrashuvlari yakunlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Xalqaro ekspert uchrashuvlarda fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning mehnat qonunchiligidan yaxshi xabardorligi, o‘z haq-huquqini bilishi katta taassurot qoldirganini, bolalar mehnatidan foydalanish va majburiy mehnatga doir noqonuniy holatlarga duch kelmaganini ta’kidladi.

Tadbir ishtirokchilari Bolalar mehnati va majburiy mehnatni tartibga solish bo‘yicha milliy qonunchilik me’yorlari haqida fikr yuritib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
6 478