O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Xalqaro markaz navbatdagi yangi kitoblarni taqdim etdi

Xalqaro markaz navbatdagi yangi kitoblarni taqdim etdi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida nashr etilgan kitoblarning onlayn taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 27-martdagi “Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hamda yurtimizdan yetishib chiqqan boshqa ulugʻ mutafakkir va allomalarning boy merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etish, asarlarining ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etib, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib qilish, bu boradagi ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish va amalga oshirish belgilangan edi.

photo_2020-07-16_18-41-21.jpg

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan oʻtgan vaqt mobaynida allomalarimizning hayoti va ilmiy merosini yorituvchi oʻttizga yaqin kitoblar nashr qilindi. Jumladan, “Imom Buxoriy taʼrifi”, “Odoblar xazinasi”, “Oʻrta asr sharq allomalari ensiklopediyasi”, “Abdulhamid Keshiy hayoti va ijodi”, “Samarqandlik allomalar”, “Alouddin al-Usmandiy as-Samarqandiy”, “Imom Buxoriy — muhaddislar sultoni”, “Ibrohim Saffor Buxoriy”, “Imom Buxoriy majmuasi” kitob albomi hamda “Jaholatga qarshi — maʼrifat” rukni ostida “Haqiqat niqobidagi yolgʻon”, “ISHIDning botil gʻoyalari va ularga raddiyalar” nomli kitoblar tayyorlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2019-yil 25-martda tasdiqlangan “Imom Buxoriy ilmiy merosini ilmiy tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi yoʻl xaritasi asosida markaz ilmiy xodimlari tomonidan “Imom Buxoriy izidan”, “Ilmdan boshqa najot yoʻq”, “Ota-ona – hikmat, farzand – chiroq” va “Islomda ijtimoiy illatlar muolajasi” nomli risolalar nashrga tayyorlanib, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida nashr qilindi.

photo_2020-07-16_18-41-17.jpg

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov taqdimoti oʻtkazilayotgan kitoblarning inson hayotidagi oʻrni, maʼnaviyatimizni boyitishdagi ahamiyati haqida soʻz yuritdi.

Shuningdek, onlayn taqdimotda Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Uvatov va boshqalar mazkur kitoblar, ularning yaratilish tarixi, yoshlar taʼlim-tarbiyasidagi ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Mazkur kitoblar xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni maʼrifatga chorlovchi kitobxonlikka chaqirish, ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy-maʼnaviy merosini yana-da koʻproq oʻrganish, Ona-Vatanga, moddiy-maʼnaviy merosimizga va tarixiy qadriyatlarga boʻlgan maʼrifatini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

photo_2020-07-16_18-41-29.jpg


1 458
Gʻ.HASANOV, OʻzA