O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 16:12 Chop etish versiyasi

Xalqaro maqom sanʼati anjumani xorijiy OAV nigohida

Xalqaro maqom sanʼati anjumani xorijiy OAV nigohida
Shahrisabz shahrida 6-10-sentyabr kunlari oʻtkazilgan Xalqaro maqom sanʼati anjumani shukuhi butun dunyoga yoyildi. U haqda xorijiy ommaviy axborot vositalarida koʻplab maqolalar eʼlon qilinmoqda.

Xususan, Misr Arab Respublikasining “Al-Ahrom” gazetasi xalqaro maqom sanʼati anjumani haqida oʻz saytida “Oʻzbekistondagi Xalqaro maqom sanʼati festivalida Misrdan “Zai-Zaman“ ijodiy jamoasi ishtirok etdi” nomli maqola eʼlon qildi. Unda xalqaro anjumanni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad, tadbirning tashkiliy jarayonlari, ishtirokchi davlatlar, yaratilgan muhitning dilga xush yoqishi, xalqaro tanlov mezonlari hamda festival mukofot jamgʻarmasi haqida aytib oʻtilgan.

Maqola muallifi yurtimizda maqom sanʼati targʻiboti, mumtoz musiqaga yosh avlodni oshno etish masalasiga davlat darajasida eʼtibor qaralayotganini qayd etib, maqomni Sharq mumtoz sanʼatining asosiy janri deb baholagan.

Yurtimizda tashkil etilgan sanʼat bayrami yuzasidan maqolalar eʼlon qilgan nufuzli nashrlardan biri “The Diplomat“ onlayn jurnalidir. Jurnalning tadbiroldi sonida “Maqom oʻzbek xalqining qalbidir” sarlavhali maqola chop etildi. Maqola avvalida muallif Oʻzbekiston xalq artisti Munojot Yoʻlchiyeva shaxsiyatiga baho berib, uni “Dunyo sanʼat olamining oʻzbekistonlik yetuk vakili” deb taʼriflagan.

“Oʻzbek maqom sanʼati vakili Munojot Yoʻlchiyeva ovozi ilohiy isteʼdoddir. Bunday iqtidor egasini faqat Oʻzbek xalqida uchrashi mumkin”, degan baho butun oʻzbek sanʼatiga berilgan yuksak eʼtirofdir.

Maqolada tadbirning ahamiyati, festivalning tashkiliy jihatlari, maqom sanʼati, uning insoniyat ruhiyatiga taʼsiri haqida soʻz yuritilgan. Shuningdek, nufuzli sanʼat anjumani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilgani alohida taʼkidlab oʻtilgan.

Tojikistonning “Asia – Plus“ axborot agentligi saytida “Tojikiston maqom akademiyasi xonandalari Shahrisabzda tashkil etilgan Xalqaro maqom festivalida ishtirok etdi” nomli maqola berilgan. Unda yurtimizda tashkil etilgan sanʼat bayramida qatnashgan Tojikiston delegatsiyasi aʼzolari ancha koʻpligi, bu esa xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarning yaqqol ifodasi ekanligi alohida qayd etilgan.

Xalqaro tadbir YUNЕSKO koʻmagida, yuksak darajada tashkil etilgani, tadbir jarayonini yoritish maqsadida 30 ga yaqin davlatdan ommaviy axborot vositalari tashrif buyurgani, anjuman milliy mumtoz navolari ijrochilari uchun haqiqiy mahorat bahsi boʻlgani aytib oʻtilgan.

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA