O‘zA O`zbek

15.08.2018 18:46 Chop etish versiyasi

Xalqaro maqom san’ati anjumani, unda mutloq g‘olibga 15 ming AQSH dollari beriladi

Xalqaro maqom san’ati anjumani, unda mutloq g‘olibga 15 ming AQSH dollari beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoning 2018 yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida“gi qaroriga asosan joriy yil 6-10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san’ati anjumani bo‘lib o‘tadi. Bu nufuzli tadbirda milliy mumtoz san’atimiz jozibasi namoyish etiladi, mahalliy va xorijlik musiqashunoslar, olimlar, xonanda va sozandalar o‘zaro fikr almashadi, “Maqom musiqa san’ati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

O‘zbek milliy maqom san’ati markazi ma’lumotlariga ko‘ra, anjuman doirasida bo‘lib o‘tadigan tanlov g‘oliblari Tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, statuetka va pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilangan.

Tanlov g‘oliblari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:

“Gran-Pri” – 15 ming AQSH dollari.

1-o‘rin – yakkaxon ijrochi uchun (xonanda yoki sozanda) – 10 ming AQSH dollari, ansambl jamoasi uchun – 10 ming AQSH dollari.

Bu yo‘nalishlarda 2-o‘rin sovrindorlariga 7 ming, 3-o‘rinni qo‘lga kiritganlarga esa 5 ming AQSH dollari miqdorida pul mukofoti beriladi.

Anjuman doirasida faol ijrochilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi maqom sozandasi”, “Eng yaxshi maqom ustozi”, “Eng yaxshi maqom targ‘ibotchisi”, “Eng yaxshi yosh maqomchi”, “Eng yaxshi maqom bastakori” kabi nominatsiyalarda g‘oliblar ham munosib taqdirlanadi.

O‘zA
5 954